AQSHda koronavirus bilan kasallangan fuqarolar soni ortib bormoqda. Epidemiologik vaziyat ancha yomon ekani aytilmoqda. “Yeuronews” xabar berishicha, ayrim shtatlarda infeksiyaning oldini olish maqsadida cheklovlar qaytadan joriy etilyapti. Oq uy 12 may kuni koronavirus pandemiyasi bo‘yicha xalqaro onlayn sammit bo‘lib o‘tishini maʼlum qildi.
Mamlakat Federal okrug sudi Jo Bayden maʼmuriyatining samolyot va boshqa jamoat transporti shakllarida majburiy niqob kiyish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasini noqonuniy, deb topdi va bu harakatni to‘xtatdi.
Xitoy hukumati esa Shanxayda belgilangan karantin choralari kasallikni oldini olishga yordam bergani haqida axborot beryapti. Ushbu shaharda mart oyida COVID-19 epidemiyasi tufayli qattiq karantin eʼlon qilingan edi. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, o‘shandan beri uch kishi virus oqibatida qurbon bo‘lgan.
Sidney bandargohiga ikki yildan beri birinchi marta kruiz kemalari kirdi. 2020 yil martda “Ruby Princess” kemasining o‘nlab sayyohlari koronavirusdan halok bo‘lgani bois kruiz kemalarining Avstraliya portlariga kirishi taqiqlangan edi.


