Aslida, COVID-19 inson xotirasini susaytirishi haqida avval ham eshitgandik. Ammo bu jarayonning kelib chiqish sabablari, qanday kechishi va asoratlari ko‘lami ko‘pchilikka qorong‘u edi. Shu bois rossiyalik nevropatolog N. Boyarinovaning "Izvestiya" nashrida eʼlon qilingan bu boradagi xulosalari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
Mutaxassisning aytishicha, koronavirus miya tuzilmalariga zarar yetkazadi, uyqu, bezovtalik va boshqa kasalliklarni keltirib chiqaradi. Qolaversa, COVID-19 uzoq muddatli stress manbai hamdir. Shu sababli bu xastalikni boshdan kechirganlarda tushkunlik, bezovtalik kuchayishi, xotira va boshqa funksiyalar buzilishi kuzatilmoqda.
“Stress va xavotir miyaning kortikial qatlami, uzoq muddatli xotiraga masʼul bo‘lgan gippokamp qismi kichrayishi hamda neyronlar zichligi pasayishiga sabab bo‘ladi, — deydi nevropatolog. — Bu tibbiyotga doir darsliklar va ilmiy maqolalarda ham qayd etilgan”.
Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, koronavirus burun bo‘shlig‘idagi hid bilish retseptorlari orqali asab tizimiga kirgach, miyaning turli tuzilmalariga bevosita zarar yetkazishi mumkin. Ular orasida limbik tizim, gipotalamus, miya ustunida joylashgan nafas olish markazi va boshqalar mavjud.
Shunga yaqinroq xulosani avvalroq rossiyalik psixiatr Andrey Nazarov ham aytgandi. U koronavirusning qisqa muddatli asoratlari haqida gapirib, COVID-19 tushkun kayfiyat va surunkali charchoqqa sabab bo‘lishini taʼkidlagandi.


