Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan “Biznesni rivojlantirish banki” AT Navoiy filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “D.Q.” MCHJ mas’ul shaxslari qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish uchun ushbu bank filialidan ajratilgan 800 mln so‘m kredit evaziga uskunalarni to‘liq olib kelmasdan, kredit mablag‘larini o‘zlarining ehtiyojlariga sarflab yuborganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “U.A.” xususiy korxonasi rahbari K.Sh. va boshqalar AT “Xalq banki” Uzun filialidan aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida ajratilgan kredit mablag‘ini maqsadsiz ishlatib, jami 741,3 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


