Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalar va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, “Davlat boji to‘g‘risida”gi va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga litsenziyalanadigan faoliyatning yangi turlari va kichik turlari (kripto-birja, mayning-pul, kripto-depozitariy va kripto-do‘kon) hamda ruxsat berish xususiyatiga ega hujjat asosida amalga oshiriladigan mayning faoliyati belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, Istiqbolli loyihalar milliy agentligining kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish masalalariga doir vakolatlari mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, mayningni ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatsiz amalga oshirganlik yoki ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni qalbaki hujjatlardan foydalanganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobari miqdorida jarima qo‘llanilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritilib, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olayotgan yuridik shaxslar uchun davlat boji joriy etilib, uning miqdori va to‘lov tartibini belgilash vakolati Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga berilmoqda.


