So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Parij–2024 Olimpiadasi oltin medali sovrindori Lazizbek Mullajonovda doping moddasi aniqlangani va uning natijalari bekor qilinishi mumkinligi haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalmoqda.
O‘zbekiston boks federatsiyasi ushbu masalaga aniqlik kiritar ekan, quyidagilarni ma’lum qiladi:
Lazizbek Mullajonov bugungi kunda professional boksda faoliyatini davom ettirmoqda. U muntazam ravishda xalqaro doping qoidalariga rioya qilgan va topshirgan barcha sinovlarda salbiy natijalar qayd etilgan.
Joriy yilning 11-iyun kuni Xalqaro Test agentligi (ITA) tomonidan sportchidan navbatdagi doping testi olingan. Shu test natijalariga ko‘ra, organizmda taqiqlangan moddalarning izlari aniqlangani haqida federatsiyaga rasmiy xat kelib tushgan.
Mazkur holatga aniqlik kiritar ekan, sportchimiz 2024-yil 19-noyabr kuni Farg‘ona shahridagi xususiy klinikada soch ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha to‘rt bosqichli jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan. Operatsiyadan keyin klinika tomonidan tavsiya etilgan dori vositalarining ayrimlarida taqiqlangan moddalar bo‘lishi ehtimoli mavjudligi qayd etilgan.
O‘zbekiston boks federatsiyasi va sportchining o‘zi ITAga barcha zaruriy hujjatlarni taqdim etgan. Hozirda rasmiy yakuniy qaror kutilmoqda.
O‘zbekiston boks federatsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, go‘yoki sportchining Parij–2024 Olimpiadasidagi oltin medali bekor qilinishi haqidagi xabarlar asossiz ekanini qat’iyan ma’lum qiladi. Mazkur holat Olimpiya o‘yinlaridagi rasmiy natijaga ta’sir ko‘rsatmaydi.


