«Madaniyat va maʼrifat» telekanali nomini “Karvon”ga o‘zgartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi jamoatchilik tanqidiga uchragandi. Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov telekanal nomida o‘zgarish bo‘lmasligi, mavjud loyihalar saqlab qolinishi, moddiy-texnik baza masalasiga yechim topilishini maʼlum qildi.
MTRK tarkibida prezidentning 2012-yildagi qarori bilan tashkil etilgan va 2013-yil yanvardan faoliyatini boshlagan «Madaniyat va maʼrifat» telekanali “Karvon” nomi bilan qayta tashkil etilishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. Bu o‘zgarish jamoatchilik eʼtirozlariga sabab bo‘lgach, madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov telekanal nomida o‘zgarish bo‘lmasligini maʼlum qildi.
«Hafta davomida trendga chiqqan „Madaniyat va maʼrifat“ telekanali atrofidagi fikr-mulohazalar millatimiz ziyolilari, teleijodkorlar yuragida yig‘ilib qolgan dardlarni ham oshkor qildi», — deydi vazir.
Shu munosabat bilan u o‘zi uchun quyidagi masalalarni alohida belgilab olganini bildirdi:
telekanal nomini o‘zgartirmaslik;
ilmiy-maʼrifiy, adabiy-badiiy loyihalarni saqlab qolish va rivojlantirish;
moddiy-texnik baza masalasiga yechim topish;
mehnatga munosib haq to‘lash masalasini hal qilish;
badiiy va hujjatli filmlar, umuman, barcha janrdagi mediamahsulotni efirga uzatishda litsenziya bilan bog‘liq masalalar.
Ozodbek Nazarbekovning taʼkidlashicha, «bu va boshqa yondosh masalalar bosqichma-bosqich hal etilishi lozim, bu jarayonlarda esa butun jamoa birlashishi, bahs-munozara maydonida ko‘rsatgan qatʼiyatini ish maydonida ham namoyon etishi zarur».


