Surishtiruv va tergov harakatlarida intizomni buzgani uchun ichki ishlar organlarining 7 nafar xodimiga chora ko‘rilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova aytib o‘tdi.
Maʼlumotga ko‘ra, 2021-yil davomida erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda monitoring o‘tkazilib, 4,5 mingdan ortiq shaxs bilan jamoaviy va 758 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, ombudsman nomiga yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari hamda advokatlari tomonidan 6 104 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 2 119 tasi bevosita yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning murojaatlaridan iborat.


