1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi nishonlanadi

Bu bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi nishonlanadi

Qarorda aytilishicha, O‘zbekiston tarixida g‘oyat murakkab va sinovli davr bo‘lgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisidir. U milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, taʼlim va tarbiya, adabiyot va sanʼat, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirish orqali xalqimizning ongu tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etgan fidoyi inson.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy chor hukumati va mahalliy mutaassib kuchlarning mislsiz qarshiligiga qaramasdan, birinchilar qatorida ilk zamonaviy maktablar tashkil qilish, ular uchun zarur darsliklar yaratish, nashriyot va teatrlar barpo etish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Mohir publitsist sifatida o‘z davrining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan qator salmoqli asarlar va ikki yuzdan ortiq maqolalar yaratdi. Shu bilan birga, “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnaliga asos soldi. 1914 yilda “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali o‘lkamizda teatr sanʼatining tamal toshini qo‘ydi. Atoqli adib va jamoat arbobi 44 yoshida qatag‘on qurboni bo‘ldi.

 

Qarorga ko‘ra, Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash maqsadida quyidagi choralar ko‘riladi:

 

— Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzish;

 

— “Tanlangan asarlar” to‘plami, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish;

 

— Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish;

 

— Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi, shuningdek, Turkiston jadidlik harakati namoyandalarining faoliyatiga oid tasviriy sanʼat asarlari ko‘rgazmasini uyushtirish;

 

— umumiy o‘rta taʼlim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida “Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash;

 

— barcha bo‘g‘indagi taʼlim muassasalari, kutubxonalar, mehnat jamoalari, mahallalar va harbiy qismlarda taniqli olimlar va adiblar ishtirokida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuvlar, adabiyot va kitobxonlik kechalarini tashkil qilish;

 

— zamonaviy raqamli va targ‘ibot texnologiyalari asosida Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarini yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish;

 

— 2025 yil oktyabr oyida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish;

 

— 2025 yil noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-maʼrifiy xotira kechasini o‘tkazish;

 

— Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi hududini obodonlashtirish hamda muzey ekspozitsiyasini boyitish;

 

— Qarshi shahridagi ko‘chalardan biriga Mahmudxo‘ja Behbudiy nomini berish hamda unga bag‘ishlangan yodgorlik lavhasini o‘rnatish;

 

— Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual asarlar yaratish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida turkum materiallarni eʼlon qilish.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика