Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 5-7 aprel kunlari Xitoyga davlat tashrifi bilan keladi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xua Chunin maʼlum qildi.
“Xitoy Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 5-7 aprel kunlari Xitoyga davlat tashrifi bilan keladi”, — deyiladi TIV xabarida.
“France-Presse” o‘tgan hafta oxiridagi xabarida Makron Xitoyga safar chog‘ida XXR rahbariyati bilan Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilish va Pekinni Rossiyaga harbiy yordamidan ogohlantirishi kutilayotgani haqida yozgan edi.
Agentlik, shuningdek, Makron koronavirus pandemiyasi sababli uzoq vaqt davomida yuzma-yuz aloqa qilmaganidan keyin munosabatlarni tiklashga intilayotganini qayd etgandi.
Makron va Szinpin oxirgi marta Indoneziyadagi “G20” sammiti doirasida uchrashishgan va Fransiya davlat rahbarining Pekinga so‘nggi tashrifi 2018 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan edi.
Shuningdek, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ham shu kunlari Xitoyga tashrif bilan keladi, — deb maʼlum qildi XXR TIV rasmiy vakili Mao Nin.


