Avvalroq Prezident boshchiligidagi videoselektor yig‘ilishida maktab darsliklari va mashq daftarlarini bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq berilgandi.
Bu amaliyot har yili tatbiq etiladimi? Ushbu savolga xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov matbuot anjumanida javob berdi:
“Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, kitob jamg‘armasi byudjeti tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 2022-yilda kitob chop etish uchun 1,1 trln so‘m ko‘zda tutilgan. Shundan 605 mlrd so‘m davlat byudjetidan yo‘naltiriladi, qolgani Byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Qonunchilikka ko‘ra, ushbu Jamg‘arma mablag‘lari ijara tushumlaridan shakllanishi belgilangan. Joriy yilda 500 mlrd so‘m ijara tushumidan qoplanishi kerak edi.
Prezidentimizning inson qadrini ulug‘lash, aholiga yengillik yaratishga qaratilgan ezgu g‘oyalari asosida bu yil darsliklar bepul bo‘ldi. Bu nima degani? Ya’ni, ijara tushumidan shakllanishi — ota-onalar to‘lashi kerak bo‘lgan 500 mlrd so‘mga yaqin pul davlat byudjetidan to‘lab beriladi.
Maktab darsliklari hozircha faqat bu yil uchun bepul bo‘ladi. Keyingi o‘quv yillari uchun darsliklarning bepul bo‘lish-bo‘lmasligi komissiya o‘rganishlaridan keyin ma’lum qilinadi”.


