Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi muhim voqea bo‘lib, O‘zbekiston - Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi.
Shu bilan birga sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish sheriklik poydevoriga aylanishi kerak.
Bugungi kunda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar va loyihalar soni to‘rt barobar ko‘paygan. Ayni payt O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 238 korxona, Ozarbayjonda O‘zbekiston kapitali ishtirokida 53 kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yilning 17 sentyabrida Hajigabul shahrida «UzAuto Motors» AJ va “SamAuto” zavodining yig‘ish chizig‘i ishga tushirilishini muvaffaqiyatli qo‘shma loyiha sifatida ko‘rsatish mumkin. O‘zbekiston ipak xom ashyosi yetishtirish bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda ekanini hisobga olganda, Ozarbayjonda ipak ishlab chiqarish klasterini tashkil qilish rejasi ham ayni muddao.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, saʼy-harakatlarni birlashtirish va yangi yuksalish nuqtalarini belgilash orqali ikki mamlakat iqtisodiyotini to‘ldirib turuvchi ulkan salohiyatdan foydalanishga intilish O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligi asosini tashkil etadi.
Mamlakatimizda sanoatni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda olib borilgan institutsional islohotlar hamda real sektor tarmoqlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari samarasi o‘laroq, bu borada salmoqli natijalarga erishildi. 2016 yil sanoatning iqtisodiyotdagi hissasi 20,6 foiz edi, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 28,5 foizga yetdi.
Yaqin aloqani kengaytirishdan manfaatdorlik Ozarbayjon sanoat sektorini jadal rivojlantirish bilan belgilanadi. Xususan, 2021 yil neft-gaz sektorida YAIM 1,8 foiz, noneft sektorida esa 7,2 foiz oshgan. Ozarbayjon YAIMda sanoatning ulushi, qariyb, 50 foiz.
Ikki davlat hukumatlarining sanoat sohasidagi Hamkorlik bitimida neft-gaz, metallurgiya, kimyo, farmatsevtika va zargarlik sohalari ustuvor etib belgilandi. Mashinasozlik, elektr texnikasi, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish va agrosanoat tarmoqlarida qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Tashrif arafasida o‘tkazilgan biznes-forumda tomonlarning ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish va ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani yo‘lga qo‘yish tarafdori ekani bildirildi. Neft-kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, zargarlik, avtomobilsozlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro manfaati sheriklikni yana-da rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Ishbilarmonlik tadbirlari yakunida qiymati, qariyb, 500 million dollarlik yangi investitsiyaviy va savdo kelishuvlari imzolandi.
Mamlakatlarimizda istiqbolli kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqish va ilgari surish maqsadida qo‘shma Investitsiya fondini tashkil etishga kelishib olingani alohida eʼtiborga molik.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishda ikki mamlakat erkin iqtisodiyot zonalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday hududlar salohiyatidan foydalanish O‘zbekiston va Ozarbayjon ishlab chiqaruvchilariga ikki davlat transport-logistika imkoniyatini hisobga olgan holda, qo‘shimcha qiymatning yangi zanjirlarini yaratish hamda uchinchi mamlakatlar bozoriga birga chiqish imkonini beradi.
Sanoat kooperatsiyasini kengaytirishda viloyatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish ijobiy o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbarining joriy yil birinchi Hududlar forumi va hududlar sanoat salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazish taklifi ijobiy o‘zgarish salmog‘ini yana-da oshiradi.
Harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risida imzolangan Bitimda ikki mamlakat mudofaa-sanoat majmuasining ikki maqsadli mahsulot ishlab chiqarish quvvatlarini faollashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu umumiy isteʼmol bozorini talab yuqori bo‘lgan tovarlar bilan to‘ldirish imkonini beradi.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Ozarbayjon Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi o‘rtasida imzolangan O‘zaro anglashuv memorandumi mamlakatlar o‘rtasida ishchi kuchlari harakatlanishiga, sanoat obyektlarida munosib mehnat sharoiti yaratishga xizmat qiladi.
Umuman, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash yangi ish o‘rinlari tashkil etish va ikki mamlakat aholisi daromadini oshirishda samarali mexanizm bo‘lib xizmat qiladi.
O‘tkir Siddiqov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
bosh ilmiy xodimi


