“Real Madrid” o‘zining rasmiy saytida 15 yil davomida jamoada o‘ynagan braziliyalik himoyachi Marseloning ketishi haqida e’lon qildi. Oldinroq 34 yoshli futbolchi “Liverpul” bilan 2021/2022 yilgi Chempionlar ligasi finali (1:0) uning “Qirollik klubi”dagi so‘nggi o‘yini ekanligini aytgandi.
“Real Madrid” 13-iyun kuni Marselo bilan rasmiy xayrlashuv marosimi bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Tadbirda klub prezidenti Florentino Peres ham ishtirok etadi. Shundan so‘ng Marselo bilan xayrlashuv matbuot anjumani tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Marselo “Real”da 2007-yildan buyon to‘p suradi. Bu vaqt ichida u klub uchun barcha musobaqalarda 545 ta o‘yin o‘tkazib, 38 ta gol urgan va 103 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Klub bilan u olti marta Ispaniya chempionati, besh marta Ispaniya Superkubogi va besh marta Yevropa chempionlar ligasida g‘olib chiqqan.


