1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Menga vasiyat qilingan uyni tog‘am bermayapti

Hozirda uysiz sarsonman.

Menga vasiyat qilingan uyni tog‘am bermayapti

Barchaga maʼlumki, fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb eʼtirof qilinadi. Qahrmonimiz Yodgora Ergashevaning buvisi o‘limi oldidan o‘zi yashab kelgan uyini meros sifatida qoldirishni vasiyat qiladi. Ammo ayni damda Yodgoraning tog‘asi onasining bu vasiyatini ado etishdan bosh tortmoqda. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘lmoqda.

— Chirchiq shahrida buvimning birinchi turmushidan qolgan uylari bor edi. O‘sha uyni menga meros qilib qoldirgan. Ammo tog‘am shuni bila turib, uyni 12 ming AQSH dollariga sotdilar. Qo‘limga esa 10 ming AQSH dollar berib qolgan ikki ming AQSH dollarini bermadilar. Men pul qo‘shib Navoiydan uy oldim. Tog‘am yana o‘rtaga tushib Navoiydagi uyimni 15 ming AQSH dollariga sotdilar. Tog‘am pullarni menga bermay o‘zlarining nomiga bir xonali uy oldi. Hozirda u uyda qizim kuyovim bilan yashaydi. Menga esa 2300 AQSH dollar berib mahalla faollari oldida uyga boshqa davoyim yo‘q deb tilxat yozdirib oldi. Majbur bo‘ldim tilxat yozishga, aks xolda o‘sha pullarni ham berishmasdi. Natijada men uysiz qoldim. Ayni damda propiskam yo‘q, ijarada yashab yuribman. Qo‘shnim ko‘chada qolganimni ko‘rib uyidan joy berdi. Vaqtincha 1 yilga propiska urdirib berdi. Uniyam vaqti tugayapti. Kuni kecha qo‘shnim uzaytirmasligini aytdi.

Tog‘am mening pulimga kelgan uyni nomimga o‘tkazib bermayapti. Hech bo‘lmasa qizimni nomiga o‘tkazib bersin.

Biz yuzaga kelgan murosaga barham berish ilinjida Yodgora Ergashevaning tog‘asi Jamoliddin Isayev bilan bog‘landik.

— Mening jiyanimdan qarzim yo‘q. Men hamma pullarni berganman. O‘zi ichkilikka berilib ketib barcha pulni sarf qilib yubordi. Uy rostdan ham Yodgoraga onamdan qolgan meros edi. Meros onam tomonidan qarindoshlar orasida og‘zaki aytilgan bo‘lsada biz unga amal qilib Yodgoraga o‘z hissasini berdik. Mening singlim yaʼni Yodgoraning onasi o‘limi oldidan ruhiy kasal bo‘lib qoldi. Jiyanim umuman onasiga qaramadi. Bu vaqt u ichkilikdan beri kelmadi. To‘rt marotaba turmushga chiqqan. Birinchi turmushidan bitta qizi bor. Ikkinchi turmushidan ikki nafar o‘g‘li bor. Ularni tashlab Rossiyaga qochib ketgan. Shundan so‘ng, sud uni onalikdan mahrum etgan. Rossiyadan norasmiy uchinchi erini yetaklab keldi. U bilan ham yasholmadi. Hozir to‘rtinchi marotaba bir qariyaga tegib olgan. Yaqinda qizi yashayotgan uyiga shu qariya eri bilan mast xolda borib, "uyni bo‘shat" deb janjal qilgan. Qizi yig‘lab yordam so‘rab keldi. Bu ayolga ishonch yo‘q. Gapidan tonadi. Shunga har bir aytilgan gapiga tilxat yozdirib videoga oladigan bo‘lganmiz. Men uyni Yodgoraning nomiga o‘tkazib beraman faqat uyni sotib yuboradigan odati bor shundan qo‘rqaman. Ichib yo‘q qilish aniq, keyin esa yana pul ber deb mendan talab qiladi. Qizi Nazokatni nomiga o‘tkazib berishim mumkin.

Nazokat Rasulova, Yodgora Ergashevaning qizi.

-Men tog‘amni uyni onamning nomiga o‘tkazib berishlariga qarshiman. Chunki bilaman onam uni sotib yuboradi. Hozirgi birga yashayotgan odamga uyni sotib, mashina olib beraman deb aytdilar. Agar sotib yuborsalar men ham bolalarim bilan uysiz qolaman.

Malohat Maxmudxo‘jayeva, M.Ulug‘bek tumani “Yalang‘och” MFY raisi

-Ergashev Yodgora 2017 yilda tog‘asining ustidan arz qilib ariza bilan murojaat qilgan. Biz o‘sha vaqt ikki tomoni ham chaqirib, o‘zaro gaplashib olganmiz. Pul oldi-berdisida qatnashganmiz. Yodgora "davoyim yo‘q" deb tilxat yozib bergan. Oradan 5 yil o‘tib yana murojaat qilyapti. Tog‘asi mahallada namunali oilalardan biri.

Go‘zal Tursunmetova, huquqshunos.

-Nima bo‘lganda ham tog‘asi uyni pulini to‘liq berishi kerak edi. Bu ayolning hayoti alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketishiga qaysidir maʼnoda tog‘asi aybdor. Boshida shu pulni berganlarida edi, balki ayol shu holatga tushmas edi. Ayol o‘sha pulni nima qilsa qilsin, uning shaxsiga, hayotiga daxl qilishga, mol-mulkini boshqarishga tog‘asining haqqi yo‘q.

 

Biz Jamoliddin Isayev bilan telefon orqali bog‘landik. U uyni Yodgoraning nomiga emas balki qizi Nozimaning nomiga o‘tkazib berishni maʼlum qildi. Yodgoraga ham ushbu shart maʼqul keldi. Qiziga bosim o‘tkazib, uyni sotmaslik sharti bilan tilxat xam olindi.Biz mojaroni mana shunday yakun topishini istagan edik. O‘ylaymizki, kelgusida bu ishlardan keyin jigarlar o‘rtasidagi munosabatlar avvalgidan yaxshilanadi.

Munojat Valiyeva

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика