Ijtimoiy tarmoqlarda byuroning Yakkabog‘ tuman bo‘limi binosida fuqaro o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha Majburiy ijro byurosi bayonot berdi, deya xabar berdi Xabar.uz [https://xabar.uz/4mxb]. Maʼlum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining 28.06.2017 yildagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor O‘.Ruziyevdan undiruvchi X.Mustafayevaning foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy taʼminoti uchun qarzdorning har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining 1/6-qismi miqdorida aliment undirish haqidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan. Ijro hujjatiga asosan qarzdor O‘.Ruziyevning mamlakat hududidan chiqish huquqlari «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 42-1-moddasiga asosan vaqtincha cheklangan. Davlat ijrochisining 23.03.2023 yildagi aliment qarzini hisoblash to‘g‘risidagi qaroriga asosan, qarzdor O‘.Ruziyevning 01.01.2018 yildan 01.01.2023 yilga qadar alimentdan qarzdorligi 18 mln. 897 ming so‘mni tashkil qilib, qaror nusxasi qarzdorga imzo qo‘ydirilgan holda taqdim etilgan. Qarzdor O‘.Ruziyevni ushbu aliment qarzdorligini to‘lashi lozimligi, to‘lamagan taqdirda unga nisbatan MJtKning 47-4-moddasiga asosan maʼmuriy jazo qo‘llanilishi to‘g‘risida bir necha marotaba ogohlantirilgan. Olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida qarzdor O‘.Ruziyevning yaqin qarindoshlari tomonidan 12.12.2022 yilda 500.000 so‘m va aliment qarzdorligi hisobidan 969.000 so‘m jami 1 mln. 469 ming so‘m aliment pullari undirilib, undiruvchining plastik kartasiga o‘tkazib berilgan. Mazkur qarzdorlikni O‘.Ruziyevning yashash manzilidagi mol-mulklari hisobidan undirish maqsadida uning yashash xonadoniga borilganida, u eshiklarni ochmagan, turli bahonalar qilib, aliment qarzdorligini to‘lamasligini maʼlum qilgan. Bundan tashqari undiruvchi X.Mustafoyeva bir necha marotaba aliment qarzdorligi masalasida murojaat qilib, qarzdorga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Murojaatni o‘rganish jarayonida davlat ijrochisi J.Mo‘minov qarzdor O‘.Ruziyevni shu yilning 23 martida xizmat xonasiga chaqirtiradi. Undan aliment qarzdorligini to‘lashi kerakligi, to‘lamagan taqdirda esa unga nisbatan maʼmuriy jazo qo‘llash uchun to‘plangan hujjatlarni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudiga yuborishini aytib, qarzdor O‘.Ruziyevdan tushuntirish xati oladi. Qarzdor O‘.Ruziyev 23 mart kuni taxminan soat 12:10da bo‘lim davlat ijrochisi J.Mo‘minovning xizmat xonasiga kelib, aliment qarzdorligini to‘lamasligini aytib, cho‘ntagidan nomaʼlum temir jismni olib, bo‘yin qismini 2-3 marotaba kesgan. > «Ushbu holatda qarzdor O‘.Ro‘ziyevga nisbatan ruhiy tazyiq yoki jismoniy kuch ishlatish holati sodir etilmagan hamda barcha > holatlar xodim tomonidan video tasvirga olingan. > > Bundan tashqari, o‘tkazilgan xizmat tekshiruvning 04.04.2023 yildagi xulosasiga ko‘ra, xodimlarning xatti-harakatlarida «Kasb > odobnomasi» talablari buzilganligi aniqlanmagan», — deyiladi MIB bayonotida.