Microsoft butun dunyo bo‘ylab 7000 ga yaqin xodimini ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda. Bu kompaniya ishchi kuchining taxminan 3 foizini tashkil etadi. Qisqartirishlar barcha bo‘lim va lavozimlarga taalluqli bo‘lib, bu xodimlarning shaxsiy ish faoliyatiga bog‘liq emas.
Kompaniya vakillarining aytishicha, bu o‘zgarishlar dinamik bozorda raqobatbardosh bo‘lib qolish va ichki tuzilmani yanada soddalashtirishga qaratilgan. Asosiy maqsad — menejerlar sonini kamaytirish va tezkor, samarali jamoalarni shakllantirish.
Bu Microsoftning so‘nggi yillardagi eng yirik qisqartirishlaridan biridir. 2023-yil boshida ham kompaniya 10 mingga yaqin ish o‘rnini qisqartirgan edi. 2025-yil aprel oyida Microsoft moliyaviy direktori Emi Hud kompaniya kuchli jamoalar tuzishga va boshqaruv pog‘onalarini soddalashtirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ta’kidlagan edi.


