Joriy yilning bahor faslida Toshkent viloyatida 13 yoshli qiz Milliy gvardiya xodimi tomonidan bir necha yil avval zo‘rlangani haqida xabar berilgandi. Hozirda mazkur holat bo‘yicha ish sudga oshirildi. Bu haqda “Sukut saqlama” (Nemolchi.uz) loyihasi ma'lum qildi.
Xabarda aytilishicha, qizning nomusiga tekkan Sh.Sharipov u paytda tizimda faoliyat yuritmagan, keyinchalik esa Milliy gvardiyaga ishga kirgan.
“Ikki yil davomida ish sudgacha yetib bormagan. Jinoyat ishi daʼvo muddati o‘tib ketgani va dalillar yo‘qligi vaji bilan yopilardi. Ish Qibray tuman prokuraturasi, Harbiy prokuratura, Bosh prokuraturaga oshirildi. Senatorlar va Bolalar ombudsmaniga ham murojaat qilganmiz. Hammasi behuda”, degan qizning oilasi Nemolchi.uz loyihasiga.
Oila loyiha tahririyatiga murojaat qilganidan so‘ng bu haqda barcha ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan. Shundan so‘ng yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ish o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi, Toshkent viloyati prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Qosimov Azamatga topshirilgan. Tergovchi doimo jabrlanuvchining oilasi bilan aloqada bo‘lgan, jinoyatchining aybini isbotlash uchun barcha guvohlarni chaqirgan va tergovga yordam berishi mumkin bo‘lgan mayda detallarni ham inobatga olgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, joriy yilning 29 iyul kuni tergov harakatlari yakunlanib, dastlabki sud majlislari o‘tkazilgan.
“Odil sudlovdan umid qilamizki, vaqt yo‘qotilganiga qaramay, jinoyatchi jazolanadi. Toki kelajakda bunday jinoyatlar takrorlanmasligi va sukut, qo‘rqitish va yollanma advokatlarning ko‘pligi niqobi ostida zo‘ravonlik jazosiz qolmaydi”, deyiladi xabarda.


