O‘zbekiston ta’lim tizimi xalqaro maydonda o‘zining munosib o‘rnini egallab bormoqda. O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining Kimyo va Biologiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda ushbu fanlar bo‘yicha magistratura mutaxassisliklari nufuzli xalqaro akkreditatsiya agentligi ASIIN (Germaniya) tomonidan joriy yilning 16-yanvar kuni akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Mazkur ta’lim yo‘nalishlari mamlakatimizda birinchilardan ASIIN akkreditatsiyasini qo‘lga kiritgan bo‘lib, universitetning ta’lim standartlari, o‘quv jarayonining metodik ta’minoti, professor-o‘qituvchilar salohiyati va olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar xalqaro mezonlarga to‘liq mos kelishini tasdiqlaydi.
2030-yil 30-sentyabrgacha amal qiladigan ushbu sertifikatlar universitet bitiruvchilarining diplomlari endilikda Yevropa va boshqa rivojlangan mamlakatlarda tan olinishini bildiradi. Shuningdek, kimyo va biologiya yo‘nalishlarida tahsil olgan kadrlarning xorijiy ta’lim muassasalari va sanoat korxonalarida faoliyat yuritishiga zamin yaratadi.
Qayd etish kerakki, ASIIN ekspertlari tomonidan berilgan metodik tavsiyalar va baholash mezonlari o‘quv jarayonining yanada modernizatsiya qilinishiga xizmat qiladi. Yevropa va boshqa mintaqalardagi universitetlar bilan qo‘shma dasturlar, almashinuv dasturlari va ilmiy loyihalar amalga oshirilishi uchun mustahkam asos yaratadi.
Ushbu yutuq aynan pedagogik oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha respublikada ilk marotaba qayd etilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Bu O‘zbekiston ta’lim tizimining xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashayotganining yorqin dalilidir.
Endilikda mazkur yo‘nalishlarning bitiruvchilari, xorijiy universitetlarda magistratura yoki doktoranturani davom ettirish, xalqaro ta’lim muassasalarida o‘qituvchi yoki ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borish, biologiya va kimyo sanoati yo‘nalishlarida jahon mehnat bozoriga chiqish, xalqaro grant loyihalarida ishtirok etishi mumkin.


