1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Iqtisodiyot

Mirziyoyev Isroil — Falastin masalasida oqilona murosaga kelishga chaqirdi

Davlat rahbari, shuningdek, IHT sammitida afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirish, ushbu mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy masʼuliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga masalasiga alohida to‘xtaldi.

Mirziyoyev Isroil — Falastin masalasida oqilona murosaga kelishga chaqirdi

 

Davlat rahbari, shuningdek, IHT sammitida afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirish, ushbu mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy masʼuliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga masalasiga alohida to‘xtaldi.

 

"Global tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan Yaqin Sharqdagi Falastin-Isroil urushi barchamizda katta tashvish uyg‘otmoqda. Ming afsuski, bu qonli nizo oqibatida avvalo, tinch aholi vakillari, ayniqsa, ayollar, bolalar va keksalar ko‘plab qurbon bo‘lmoqda. Urushning mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olmoqda.

 

Qarama-qarshilikning keng ko‘lamli nizoga aylanib ketishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz.

 

Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, yaʼni, o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qatʼiy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz.

 

Shuningdek, bugungi sammit Tashkilotimiz aʼzolaridan biri bo‘lgan Afg‘oniston ishtirokisiz o‘tayotganiga diqqatingizni qaratmoqchiman.

 

Asrlar davomida bizga yon qo‘shni bo‘lgan ko‘pmillatli Afg‘oniston xalqini bugungi murakkab muammolari qarshisida yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy shartidir.

 

Barchangizni afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirishga, ushbu mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy masʼuliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga chaqiraman", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Eslatib o‘tamiz, ayni daqiqalarda Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 16-sammiti bo‘lib o‘tmoqda.  

 

Sammitda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Prezidenti Ibrohim Raisi, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyib Erdog‘an, Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov, Pokiston muvaqqat hukumati rahbari Anvar ul-Haq Kakar va IHT Bosh kotibi Xusrav Noziri ishtirok etmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика