"Real Madrid" yarim himoyachisi Luka Modrich klub rahbariyatiga jamoani tark etib, Saudiya Arabistoni klubiga o‘tishni istayotganini aytdi. Bu haqda "OK Diario" nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, xorvatiyalik futbolchi Saudiya Arabistonidan foydali taklif olgan. Gap uch mavsum uchun 120 million yevro haqida ketmoqda. 37 yoshli Modrichga bunday summani to‘lashga tayyorligini bildirgan klub nomi aytilmagan. Qayd etilishicha, Luka “Real” rahbariyatini klubdan ketish istagi haqida xabardor qilgan.
Luka Modrichning “Real” bilan amaldagi shartnomasi shu yilning iyun oyi oxirida tugaydi. Avvalroq tomonlar kelishuvni yana bir yilga uzaytirish bo‘yicha kelishib olgani maʼlum qilingandi.
Yarim himoyachi joriy mavsumda “Real” safida barcha turnirlar doirasida 51 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol urdi va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi.


