1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Moldova ham MDHdan chiqishga harakatlarni boshlab yubordi

Tashqi ishlar vazirga ko‘ra, ehtimol fevral oyi o‘rtalariga qadar hukumat darajasidagi jarayonlarni yakunlashi mumkin.

Moldova ham MDHdan chiqishga harakatlarni boshlab yubordi

 

Moldova tashqi ishlar vaziri Mixay Poposhoy “Radio Moldova” efirida davlatning MDH a’zoligiga asos bo‘lgan bitimlarni bekor qilish jarayoni boshlangani va yaqin vaqt ichida Parlamentga taqdim etilishi haqida gapirdi.

 

Uning aytishicha, hozirda vazirlik MDHni tashkil etuvchi asosiy hujjatlarni bekor qilish (denonsatsiya qilish) ustida ishlamoqda. Gap 1993-yil 22-yanvarda Minskda imzolangan MDH nizomi, 1991-yil 8-dekabrdagi MDHni tuzish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek 1991-yil 22-dekabrdagi unga ilova haqida bormoqda.

 

“Bu shuni anglatadiki, Moldova Respublikasi rasman MDH a’zosi bo‘lmaydi. MDHda bo‘lishimizning asosini tashkil etgan ushbu uchta asosiy bitimni bekor qilish bizga shuni aytish huquqini beradi-ki, huquqiy nuqtayi nazardan… chunki amalda biz anchadan beri ishtirokimizni deyarli to‘xtatgan edik, biroq huquqiy jihatdan hali ham u yerda edik. Ushbu uchta fundamental bitim bekor qilingach, Moldova Respublikasi rasman MDH tarkibiga kirmaydi. Bu jarayon allaqachon boshlangan, biz yaqinda bunday qaror qabul qildik, kelishuv jarayoni ishga tushirilgan”, — dedi Mixay Popshoy.

 

Vazirga ko‘ra, ehtimol fevral oyi o‘rtalariga qadar hukumat darajasidagi jarayonlarni yakunlashi mumkin.

 

"Biz bu jarayonni Tashqi ishlar vazirligida boshladik va hujjatlarni kelishuv uchun yubordik. Bitimlarning bir qismi, agar ular Yevropa makoniga integratsiyamizga zid bo‘lmasa va muayyan foyda keltirsa, ularni bekor qilishga hech qanday asos yo‘q. Ammo huquqiy jihatdan, juda yaqin vaqt ichida, Moldova Respublikasi rasman MDH a’zosi bo‘lmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi vazir milliy radioda.

 

Mixay Popshoyning so‘zlariga ko‘ra, Moldova Respublikasi MDH bilan jami 283 ta bitim imzolagan, shulardan 71 tasi bekor qilingan, taxminan 60 tasi esa bekor qilish jarayonida.

 

Ma’lum bo‘lishicha, Moldovaning MDH bilan bitimlarini bekor qilish jarayoni 2022-yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga ko‘p o‘tmay boshlangan.

 

O‘tgan yil oxirida Parlament Rossiya Federatsiyasi bilan madaniy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ham bekor qildi, bu esa Kishinyovdagi Rossiya Fan va Madaniyat Markazining yopilishini anglatadi.

 

O‘shanda Madaniyat vaziri Kristian Jardan shunday degan edi: “Rossiya Madaniyat Markazi aslida madaniy markaz emas edi, u Moldova Respublikasining suverenitetini zaiflashtirishga qaratilgan faoliyatlar olib borilgan niqob ostidagi markaz bo‘lgan”.

 

Ma’lumot uchun hozirgi vaqtda MDHga 9 ta davlat jumladan, Armaniston Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston va Moldova a’zo. Turkmaniston tashkilotga kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика