Moskvada yer osti kollektorlarini ko‘rish uchun noqonuniy ekskursiyada qatnashgan bir guruh odamlar g‘oyib bo‘ldi. Ayni paytda yer ostida besh kishi halok bo‘lgani maʼlum, deya xabar berdi TASS.
"Hozirda noqonuniy ekskursiyada qatnashgan besh kishi vafot etgani tasdiqlandi. «Zaryadye» bog‘i yaqinida yana bir kishining jasadi topildi", — deb yozadi agentlik manbaga tayanib.
Avvalroq to‘rt kishining jasadi topilgani xabar qilingandi.
21 avgust kuni ertalab diggerlarning (yer osti boshpanalari va boshqa yer osti obyektlarini o‘rganuvchilar) g‘oyib bo‘lgani haqida maʼlum bo‘ldi. Moskvada to‘satdan yomg‘ir yog‘a boshladi va kollektorlar suvga to‘ldi. Favqulodda holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergovchilar noqonuniy ekskursiya uyushtirgan shaxsni so‘roq qilishmoqda.
Moskva meri Sergey Sobyanin halok bo‘lganlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirib, qidiruv ishlari davom etayotganini maʼlum qildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, diggerlar guruhi sakkiz kishidan iborat bo‘lgan.


