O‘zbekiston Qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva nomidagi stipendiya taʼsis etildi. Bu haqda haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi. [https://madaniyat.uz/uz/] Aytilishicha, mazkur stipendiya Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa sanʼati institutida taʼlim olayotgan talabalarga beriladi. Unga ko‘ra, stipendiya oluvchilar institutda 2-kursni tugatgan bakalavriat hamda 1-kursni tugatgan magistratura talabalari orasidan tanlov asosida saralanadi. Talabgorning hujjatlari Institut Ilmiy bo‘limi tomonidan qabul qilinadi. Tanlovda qatnashish uchun taqdim etilgan hujjatlar tanlov muddati tugagach bir hafta muddatda Tanlov komissiyasiga taqdim etiladi va komissiyasining qarori bilan hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun ekspertlar belgilanadi. Ekspertlar Tanlov komissiyasi aʼzolari va Institut professor-o‘qituvchilari yoki zarur hollarda boshqa tashkilotlardan jalb etilayotgan ekspertlarning roziligi bilan tayinlanishi ko‘zda tutilgan. Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va stipendiyaga tavsiya etilganlarning ro‘yxati Kengash raisi tomonidan buyruq asosida tasdiqlanib stipendiyani to‘lab berish uchun taqdim etiladi. Stipendiantlar bo‘yicha fakultet yoki bo‘limning institut ichki tartib qoidalarini buzganligi yoki ilmiy faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi to‘g‘risidagi taqdimnomasiga ko‘ra, Kengash qarori bilan stipendiya berilishi to‘xtatiladi.