“Bugun, sizlar bilan bahorning birinchi kunida hammamiz uchun muhim bo‘lgan masala – xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yana-da mustahkamlash bo‘yicha eng dolzarb vazifalarni belgilab olamiz.
Sizlarga maʼlumki, ko‘p ming yillik davlatchiligimiz tarixida buyuk namoyandalarimiz, mohir sarkarda va siyosatchi bo‘lgan ota-bobolarimiz yonida hamisha oqila, jasur va fidoyi momolarimiz ham o‘zlarining yuksak aql-zakovati, teran fikr va mulohazalari, amaliy harakatlari bilan mamlakat taraqqiyoti va ravnaqiga munosib hissalarini qo‘shib kelganlar.
Biz o‘tmishni yodga olar ekanmiz, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimiz, jahongir bobolarimiz qatorida, mana shunday buyuk insonlarni dunyoga keltirib, mehr bilan tarbiyalagan, ularni ulug‘vor ishlarga ruhlantirib, har bir ishda kamarbasta bo‘lgan fozila ayollarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz”, - dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida.
Prezident:
"Donishmand xalqimiz hamisha ayollarni eʼzozlab yashagan, xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko‘rsatib yashash el-yurtimizga xos azaliy qadriyatga aylangan.
Buni muqaddas Qurʼoni karimning eng katta suralaridan biri – “Niso”, yaʼni “Ayollar" deb atalishi ham tasdiqlaydi. Alloh taolo ushbu surada insonlarni ayollarga adolatli munosabatda bo‘lishga daʼvat etadi.
Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi ulug‘ ajdodlarimiz, maʼrifatparvar jadidlarimiz ham oilaning tinch, mustahkam va farovon bo‘lishida, farzandlar tarbiyasida xotin-qizlarning o‘rni va taʼsiri beqiyos ekanini alohida taʼkidlaganlar.
Bugungi kunda muhtarama opa-singillarimiz jamiyatimizda olib borilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar jarayonida, boshqaruv tizimida, tadbirkorlik, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sanʼat sohalarida, mahallalarda qanchalik fidokorona mehnat qilib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz".


