Noqulay ob-havo tufayli Namangan aeroporti vaqtincha cheklandi. Moskva — Namangan va Samara — Namangan — Yekaterinburg yo‘nalishidagi samolyotlar Namangan xalqaro aeroportida qalin tuman tufayli Samarqand va Farg‘onaga yo‘naltirildi.
Qattiq tuman tufayli ko‘rish chegarasining pasayishi (125 m) Namangan xalqaro aeroporti faoliyatini cheklab qo‘ydi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Xususan, Namangandagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli Moskva — Namangan yo‘nalishi bo‘yicha Red Wings aviakompaniyasining WZ4483 reysi Samarqanddagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY9806/9829 reysi esa (Samara — Namangan — Yekaterinburg) Farg‘ona xalqaro aeroportidan amalga oshiriladi.
Namangan aeroportining xabar berishicha, yaqin soatlarda ob-havo sharoiti yaxshilanishi kutilmoqda.
«Yo‘lovchilar parvozlar jadvalidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi batafsil maʼlumotlarni aviatashuvchilardan olishlari mumkin», — deyiladi xabarda.


