Namangan xalqaro nodavlat universitetining litsenziyasi bekor qilindi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Uchqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan “NAMXU OTM” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 2023 yil 10 fevralda nodavlat taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati uchun berilgan 062797-sonli litsenziyasi bekor qilindi. Bo‘lib o‘tgan sud majlisi muhokamalarida OLiy taʼlim tashkiloti faoliyatida aniqlangan qo‘pol qoidabuzarliklar asosli hujjatlar bilan sudga taqdim etilib, o‘z isbotini topdi.
Maʼlumot uchun: Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 10 maydagi buyrug‘iga muvofiq tekshiruv o‘tkazilib, unga ko‘ra universitet tomonidan taʼlim tashkiloti, taʼlim oluvchilar va pedagog xodimlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar vazirlikning «HEMIS» axborot tizimiga kiritilmagani, tashkilotda rektor maslahatchisi shtati birligi joriy etilmagani, talabalarning o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi ishlab chiqilmagani, barcha taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha adabiyotlar, shu jumladan 95 foiz adabiyotlarning elektron variantlari yetishmasligi, universitet o‘qituvchilarining 23 nafari ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar hisoblansada, ular 15 nafarining asosiy ish joyi Namangan davlat universitetida ekanligi, litsenziya talabi bo‘yicha bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari uchun 35 foiz ilmiy salohiyat belgilangan bo‘lsada, taʼlim tashkilotida 17 foizni tashkil etishi, ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan taʼminlanmagani, tahsil olayotgan 858 nafar talabaga nisbatan taʼlim tashkilotining hududi yetishmasligi kabi holatlar aniqlangan.


