FVV xabariga ko'ra, 22-iyul kuni soat 12:50 larda Namangan viloyati Namangan shahar hududidan oqib o‘tuvchi “Shimoliy Farg‘ona” kanaliga ikkita “Damas” avtomobili tushib ketdi.
Ma'lum qilinishicha, voqea joyiga Namangan viloyati FVB qutqaruv otryadi xodimlari yetib borib, maxsus texnika yordamida kanaldan avtomobilni olib chiqayotgan vaqtda yana bir Damas avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, ushbu kanalga tushib ketgan.
Qayd etilishicha, birinchi avtomobil salonida yo‘lovchilar bo‘lmagan. Ikkinchi avtomobil salonida esa 5 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
"FVV qutqaruvchilari darhol ikkinchi avtomobil salonidan yo‘lovchilarni qutqarib, hayotlarini saqlab qolgan. Bir nafar fuqaro shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi", — deyiladi xabarda.
Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q. Holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.


