Namangan viloyatida qog‘oz ishlab chiqarish korxonasi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi natijasida tizimga 340,8 mln so‘mlik zarar yetkazganligi aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yangi Namangan tumanida joylashgan «V.S.Q.» MCHJga qarashli qog‘oz ishlab chiqarish korxonasi yashirin yo‘l bilan tarmoqqa ulanishi orqali tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur MCHJ tomonidan davlat manfaatlariga jami 340 mln 800 ming so‘mlik (227 ming 200 metr kub) zarar yetkazilgan.
Qoidabuzar isteʼmolchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.


