Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha shaxslar Damas haydovchisini urib, do‘pposlab, uni “samosud” qilgani aks etgan video tarqalgan edi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu holat joriy yilning 21-aprel kuni Namangan viloyati Chust tumani “Sarimsoqtepa” MFY hududida yuz bergan. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining Damas avtomobilida tanishi bo‘lgan 2007 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qiz bilan “Sarimsoqtepa” MFY hududidagi dala maydonida gaplashib o‘tirgan vaqtida Chust tumani “Guliston” MFYda yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan fuqaro Spark avtomobilida ushbu joyga bir necha tanishlari bilan kelgan.
Oqibatda, 21 yoshli fuqarodan nega bu yerda begona qiz bilan o‘tirganligining sababini so‘rab, u bilan janjallashgan. Qo‘l va oyoqlari bilan uni do‘pposlab, Damas‘ning orqa o‘ng yoritish chiroqlari va o‘ng yon tomonidagi orqani ko‘rish oynasini urib, sindirgan. Atrofdagi tanishlari esa mazkur holatni videoga olib, Instagram‘ga joylagan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, 2002 yilda tug‘ilgan fuqaroning badanida aniqlangan tan jarohatlari chap tirsak sohasi yuz yarasi va chap yon bosh sohasining qon talash ko‘rinishida bo‘lib, sog‘lig‘ining buzilishiga sababchi bo‘lmagan yengil tan jarohatlari ekanligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Chust tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan JKning 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.