1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Natija bergan qo'rquv, nobud bo‘lgan ko‘chatlar va chuv tushirishga bo‘lgan urinish

Qir-adirlar orasida uzum yetishtirgan nurdumlik bog‘bon hikoyasi.

Natija bergan qo'rquv, nobud bo‘lgan ko‘chatlar va chuv tushirishga bo‘lgan urinish

 

Samarqand viloyatida joylashgan Nurobod tumani asosan, yassitog‘lik, tekislik, adir va qirlardan iborat bo‘lib, iqlimi kontinental, yillik yog‘in miqdori 275 millimetrni tashkil etadi. Aholining ko‘pchiligi tekislik, adir va qir hududlarida istiqomad qiladi. Tuman xo‘jaligi asosan, chorvachilik va dehqonchilikka ixtisoslashgan. Aholining juda kam qismi bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Bunga asosiy sabablardan biri suv yetishmasligi bilan bog‘liq muammoning mavjudligidir. Biroq, tumanda shunday mehnatkash insonlar borki, ular bu kabi holatlar asosiy maqsadga erishishda to‘siq bo‘lolmasligiga ishonishadi.

 

Har qanday o‘zbek oilasi o‘zi yashaydigan uy oldiga hech bo‘lmaganda, bir to‘p ko‘chat ekib, uning soyasida soyalashni, bir bor mevasidan totib ko‘rishni yaxshi ko‘radi. Xonadonining atrofiga gullarning turfa xillarini o‘tqazib, uning bo‘yidan sarmast bo‘lishni yoqtiradi. Ariqlarda suv sharqirab oqib turgan hudud odamlarida bir dona ko‘chatni voyaga yetqazishda unchalik qiyinchilik bo‘lmasligi mumkin. Ammo, atrofi qir-adirlardan iborat bo‘lgan, faqatgina yer osti suvlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan insonlar bitta niholni nes-nobud etmay katta qilishi yaxshigina qiyinchiliklarni talab etadi. Bittagina ko‘chatniku bir amallab o‘stirib olarsiz, biroq kattagina bog‘ tashkil qilish azobini uni barpo etgan bog‘bondan boshqa hech kim his qilolmaydi.

 

Nurobod tumanida joylashgan Nurdum qishlog‘i aholisining ko‘pchiligi ichimlik suvini sotib oladi. Ayrimlar esa isteʼmolga yaroqsiz bo‘lgan yer osti suvi, yaʼni, quduqlardagi suvdan isteʼmol qilishadi. Qishloqda bir to‘p nihol yetishtirish oson ish emas. Lekin, nurdumlik Eldor aka Musayev uyining yonida bo‘sh yotgan yerdan unumli foydalanib, kattagina uzumzor tashkil qilgan. Bugungi kunda u buning ortidan yaxshigina daromad topib, ro‘zg‘orining kamini to‘ldirmoqda.

 

— Uzumchilik faoliyatimni boshlashimdan asosiy maqsad bo‘sh yotgan yerdan unumli foydalanish, daromad topish va uyimning oldini ko‘kalamzorlashtirishdan iborat bo‘lgan, - deydi qahramonimiz. Bu ishni boshlaganimdan so‘ng bilimsizligim va tajribasizligim tufayli ko‘p bor qiyinchiliklarga duch kelganman. Bizda suv bilan bog‘liq muammolar bo‘lganligi sababli, ko‘pchilik odamlar bog‘dorchilikka unchalik qiziqishmaydi. Ular asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi.

 

 

Qir yonbag‘rida tashkil etilgan uzumzor yonidan o‘tadigan insonlarning ko‘zida o‘zgacha hayratni ilg‘ash qiyin emas. Sababi, atrofi qir-adirlar bilan o‘ralgan dasht hududida ana shunday bog‘ barpo etish uchun ko‘p mashaqqatlarga tayyor turish lozim. Eldor aka uzum yetishtirishning qiyinchiliklari haqida gapirar ekan, uning mehnati juda og‘ir ekanini taʼkidladi.

 

— Bir necha bor ko‘chatlar so‘lib, nobud bo‘lganiga qaramay, to‘xtab qolmadim va bugungi natijaga erishdim. Har qanday ishni bajarishdagi birgina eʼtiborsizlik sizni maqsadlaringizdan ancha uzoqlashtirib yuborishi mumkin. Shu sababli tok yetishtirish o‘ta nozik va ehtiyotkorlikni talab qilgani bois, birinchi navbatda bu sohadagi kerakli bilimlarni o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘ldim.

 

 

Qahramonimiz uyining yonidan artezian quduq qazdiradi va uning suvini to‘plash maqsadida yana bir maxsus joyni hozirlaydi. Shundan keyingina yig‘ilgan suv uzumzorni sug‘orish uchun foydalaniladi. Eldor aka dastlab bu qarorga kelish uchun juda ko‘p o‘ylangani va ichidagi qurquvni qanday yenggani haqida so‘zlab berdi.

 

— Avval qo‘rqardim. Qanday bo‘lar ekan? Boshlayotgan ishlarim o‘z natijasini berarmikan? Bunday iqlimli sharoitda uzum yetishtirishni imkoni bormi? - degan savollarni o‘zimga ko‘p-ko‘p berganman. Allohga shukur hozirgi kunda barchasi men o‘ylaganimdan-da ijobiy natija berdi. Ikki yil ichida uzumimizning xaridori ortdi, ko‘pchilik qishloqdoshlarimiz maqtab-maqtab xarid qilishyapti, duo qilishyapti. Ayni vaqtda uzumchilikning ortidan topayotgan daromadim ro‘zg‘orning kam-ko‘stlarini yopishga bemalol yetyapti. Inson maqsadi yo‘lida har qanday qiyinchiliklarga tayyor turishi kerak. Misol uchun, bu yilgi qish juda ham qattiq keldi. Ko‘pchilik odamlarning toklarini sovuq urib ketdi. Shu sababli ham O‘zbekiston hududida uzum o‘tgan yilgiga qaraganda kam yetishtirildi. Narx-navo ham shunga yarasha bo‘lmoqda. Bu holatlardan shunday xulosaga kelish mumkin, yaʼni, inson har qanday qiyinchiliklarga doim tayyor turishi lozim.

 

Uzum savdo hajmi bo‘yicha eng ko‘p isteʼmol qilinadigan mevalar orasida dunyoda banandan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. Jahon miqyosida uzum savdosi har yili 3,6% yoki 336 million dollarga oshib, muntazam o‘sishda davom etmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston hududida "Qora kishmish", "Oq husayni", “Kelinbarmoq”, “Ketmonsopi” va “Rizamat” navlari keng ekilmoqda.

 

 

Eldor akaning maʼlum qilishicha, uzum har qanday sharoitga moslashib ketadi. Qahramonimiz yetishtirgan uzum navlari esa "Sirli boy" va “Gigant” navlari sirasiga kiradi. U bu ko‘chatlarni Ishtixon tumanidan olib kelib yerga o‘tqazgan.

 

— Uzumchilikni boshlashdan oldin avvalambor yerni yaxshilab tekshirish, uning atrofini o‘rash lozim. Sababi uzumzorga hayvonlar zarar yetkazishi mumkin. Keyin esa uning ishonchli navini ekish tavsiya etiladi. Shaxsan o‘zim uzum navini bozordan olish kerak deb o‘ylardim, biroq u yerda savdo qiladiganlar boshqa navlarni ham sotishga urinib sizni “chuv” tushirishga harakat qilisharkan. Shuning uchun navni ishonchli joydan xarid qilish kerak.

 

 

Eldor Musayev aslida tuman markazidagi tashkilotlardan birida faoliyat yuritadi. U bugungi kunda ishdan charchagan vaqtlari uzumzorini aylanib, bog‘dan o‘zgacha quvvat oladi. Eldor aka barpo etgan moʻjaz bog‘ ko‘p yillar davomida, nafaqat qishloq odamlarini balki, boshqa hudud aholisini ham uzum bilan taʼminlashi, avlodlarga esa meros sifatida qolishi tabiiy. "Yaxshidan bog‘ qoladi, yomondan dog‘", - degan maqol xalqimiz orasida bejizga aytilmagan. Nurdumlik bog‘bon yetishtirgan uzumlarning dong‘i tildan-tilga doston bo‘laversin.

 

Jamshidbek Amirov tayyorladi

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика