Italiyaning Agrijento shahrida o‘tkazilgan 75-Mandorlo in fiore (“Bodom gullaganida”) jahon xalqlari madaniyati va folklor festivali yakuniga yetdi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, festival ishtirokchilarining musiqiy chiqishlari “Eng yaxshi musiqiy ko‘rinish”, “Eng yaxshi milliy liboslar”, “Eng yaxshi raqs namoyishi” yo‘nalishlari bo‘yicha baholangan.
Unda ishtirok etgan O‘zbekiston davlat filarmoniyasining “Navro‘z” ashula va raqs ansambli jamoasi hamda O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitovadan iborat Madaniyat va turizm vazirligi ijodiy guruhi festivalda ishtirok etgan Qirg‘iziston, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Gruziya, Bolgariya, Ispaniya, Fransiya, Panama, Meksika kabi 40 ga yaqin davlatlar hamda mingga yaqin ishtirokchi vakillar orasida o‘z chiqishlari, ijro etilgan raqslari hamda milliy liboslari bilan eng yaxshi guruh sifatida eʼtirof etilib, Gran-pri sohibiga aylangan. Hamda maxsus “Oltin ibodatxona” sovriniga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, o‘zbekistonlik sanʼatkorlar “Jurnalistlar eʼtirofi” nominatsiyasida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
75-Mandorlo in fiore jahon xalqlari madaniyati va folklor festivali Italiyaning Sitsiliya viloyati Agrijento shahrida har yili o‘tkaziladigan festival bo‘lib, bir necha yillik karantin cheklovlardan so‘ng yana qayta o‘tkazilmoqda.
Mazkur sanʼat bayramida O‘zbekiston vakillari ilk bora ishtirok etib, hakamlar va 50 ga yaqin davlatdan tashrif buyurgan tomoshabin, jurnalist va sanʼatshunoslarning eʼtirofiga sazovor bo‘lgan.
Festival o‘ziga xos go‘zallik, sanʼat, borliq uyg‘onishiga bag‘ishlangan yirik madaniy tadbir sanaladi. Dastlab u mahsulotlar yarmarkasi sifatida o‘tkazilgan bo‘lsa, 1937 yildan buyon Agrijento shahrida doimiy tarzda dunyo xalqlarining sanʼatini namoyish etuvchi, tinchlik, birodarlik va do‘stlikka chorlovchi bayram sifatida o‘tkazilib kelinmoqda.


