7-iyul kuni “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanalida xabar berildi.
Qaror bilan Neft va gaz sohasidagi ta’lim-ishlab chiqarish klasteri tashkil etildi.
Neft va gaz sohasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integrasiyasini ta’minlash ta’lim klasterining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Ta’lim klasteri doirasida maktab o‘quvchilarini ishlab chiqarish korxonalari uchun ustuvor kasblarga yo‘naltirish maqsadida aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘quv rejasi joriy qilinadi. Shuningdek, ishlab chiqarish tashkilotlari tomonidan maktab o‘quvchilari uchun ekskursiyalar hamda soha faxriylari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
Professional va oliy ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayonini ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan integrasiya qilish yo‘nalishida fan va mavzular amaliyotga yo‘naltiriladi. Talabalarda mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalari shakllantiriladi va xorijiy tillarda o‘qitiladigan mutaxassislik fanlari ulushi oshiriladi.
2022/2023 o‘quv yilidan Ta’lim klasteri tarkibiga kiruvchi professional va oliy ta’lim tashkilotlarida neft va gaz sohasi bo‘yicha tahsil olayotgan iqtidorli o‘quvchilar va talabalar uchun ishlab chiqarish korxonalarining stipendiyalari joriy etiladi. Ishlab chiqarish korxonalarining kamida 5 yil ish stajiga ega xodimlarini “O‘zbekneftgaz” AJning tavsiyanomasi asosida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, keyinchalik o‘zi ishlab turgan korxonada kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan OTMning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida maqsadli o‘qitish tartibi joriy etiladi.


