1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Nikita Makarenko: “Tirbandliklarning sababi — no‘noq shaharsozlik, hech qanday bosh rejaning yo‘qligi”

Ertalabdan kishi kayfiyatini buzadigan hol bu — tirbandliklar. Bu vaziyat haydovchining ham, yo‘lovchining ham kayfiyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi, o‘qishga yoki ishga kech qolishlik, oqibatda, turli asabbuzarliklarga sabab bo‘lishi, tabiiy.

Nikita Makarenko: “Tirbandliklarning sababi — no‘noq shaharsozlik, hech qanday bosh rejaning yo‘qligi”

 

 

Mutasaddilar qanday chora ko‘rmoqda?

 

Toshkent shahar transport boshqarmasi buning sababini taʼtil mavsumi tugashi, maktablar, litseylar, oliy o‘quv yurtlarida o‘quv jarayonlari boshlanishi bilan poytaxt yo‘llarida harakatlanayotgan transport vositalari soni ortgani bilan izohladi.

 

“Poytaxtimiz ko‘chalarida yengil avtomobillar hamda yo‘nalishsiz taksilar sonining ko‘payishi tirbandliklarni kelib chiqardi. Bu esa o‘z navbatida avtobus va yo‘nalishli taksilar oraliq vaqtining oshishiga olib keldi.

O‘quv mavsumining birinchi kunida yo‘nalishsiz taksi xizmatlariga bo‘lgan katta talabdan ayrim haydovchilar ko‘proq foyda olaman deb sunʼiy ravishda yo‘nalishsiz taksi xizmatlari narxini keskin oshirib yuborgan va aholining haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

 

Qayd etilishicha, tig‘iz vaqtda Toshkent shahri aholisiga jamoat transportining 1 397 ta harakat tarkibi, shu jumladan 850 ta avtobuslar va 547 ta mikroavtobuslar xizmat ko‘rsatgan.

 

Bundan tashqari, soat 7:30 dan 9:00 gacha metropolitenning Chilonzor metro yo‘nalishida 3 daqiqa, O‘zbekiston yo‘nalishida 4 daqiqa va Yunusobod yo‘nalishlarida 7 daqiqalik oraliq masofa bilan metro poyezdlari harakatlangan.

 

Yo‘nalishsiz taksi xizmatlaridan mobil ilova orqali foydalanishni tavsiya etiladi, bunda vaqtingizni va pulingizni tejaysiz”, deya maslahat beradi poytaxt transport boshqarmasi.

 

Odatda, tirbandliklar yuzaga kelgan joyga YPX xodimlari ko‘makka keladi. Yozning jaziramasida ham, qishning qahratonida ham ular transport vositalarini birdek tartibga keltirib turadi. 

 

— Tirbandliklarning oldini olishda yo‘l patrul xizmati xodimlarining vazifasi tirbandlik yuzaga kelgan joyda, asosan, chorrahalarda tartibni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishdir.  Har doim yo‘l patrul xizmati xodimlari avtomobillar serqatnov yo‘llarda yoki chorrahalarda nazoratni ushlab turadi. Agar maʼlum bir sabablarga ko‘ra, qayerdadir tirbandliklar yuzaga kelib qolsa, fuqarolar bizga murojaat qilishadi. So‘ng o‘sha joyga eng yaqin bo‘lgan inspektor zudlik bilan taʼminlab beriladi, — deydi Yo‘l harakati xafvsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati xodimi Oybek Rahmonov.

 

“Toshkent jamoat transportiga strategiya kerak”

 

Ushbu rasmiy izohga va umuman holatga blogerlar turlicha munosabat bildirishmoqda.

 

Davletovuz shunday yozadi:

 

“Jamoat transportini nafaqat rivojlantirmasdan, balki yillar davomida borini ham abgor qilib, yo‘lovchilar uchun noqulay tizimga aylantirib, mayli, eski davrni ayblashning mavridi tugagandan so‘ng yangi aybdor — taksistlarni ayblashga o‘tishibdi. Bu bezbetlikning yangi bosqichi bo‘lsa kerak.

 

 Albatta, Toshkentshahartransxizmat hozirgi holatida hech qachon poytaxt transport tizimini o‘zgartirmaydi, yangilamaydi. Bu o‘zimizni o‘zimiz aldash bilan bog‘liqdek. Bu kompaniya buguni bilan yashaydi. Bu gapni kecha o‘qish boshlangan payt boshqaruvni eplolmay qolgan metro uchun ham aytsa bo‘ladi.

 

Jamoat transportining egasi shaharliklar, shahar deputatlari va shahar hokimligi bo‘lishi kerak. Toshkentga “genplan” kerak, Toshkent jamoat transportiga strategiya kerak. 50 ta avtobus sotib olgan bilan bu tizim isloh bo‘lib qolmaydi. Shahar jamoat transportiga xususiy sektor prizmasida qaraydigan hokim ham buni tushunmaydi. Haftada hech qursa bir kun jamoat transportida yurmaydigan hokim ham, vazir ham buni tushunmaydi. To‘liq tonirovka qilingan, sovutkichi to‘xtovsiz ishlaydigan mashinada yuradigan, muzdekkina kabinetidan, muzdekkina mashinasidan qaraydigan hokim ham, vazir ham tashqaridagi vaziyatni boshqacha ko‘radi.

 

Shahar jamoat transport tizimini rivojlantirmas ekanmiz, yaqin kelajakda hokimlarning mashinalari ham tirbandlikda qoladi (balki o‘shanda tipirchilab qolishar), aholi uchun bo‘sh maydonlar esa umuman tugaydi, kvartallar, mahallalarda bugun allaqachon buning oqibatlarini ko‘rayapmiz. Jamoat transportini rivojlantirish uchun esa velosipedni qayta kashf qilish kerak emas. Yuzlab shaharlar allaqachon muvaffaqiyatli amaliyotga, tajribaga ega, xolos. Buning uchun ozgina siyosiy xohish, aqlli rejalashtirish bo‘lsa, bas.”

 

Bloger Shahnozaning yozishicha,  “ertalab soat 7:30 da biron ilovadan taksi topib bo‘lmayapti.  Bolalar maktabga kech qolyapti, ota-onalar asabiy, yo‘llar tiqilinch, avtobus kamqatnov, metro uzoqda... Piyoda yoki vilosipedda yuray desang, yo‘lakning o‘zi yo‘q. Hali yomg‘irli-qorli kunlar boshlanmadi. Shahar markazida 4-5 km radiusda harakatlanish shunchalik qiyin bo‘lib qolyaptiki, Oyga uchish osonroq bo‘ladi bu ketishda. Qiziq, nahotki qatorlashtirib zichlab uylar qurayotganda, jamoatchilik transportidan faqat avtobus va metroni qoldirib, qolganini yo‘qotganda, hamma yoqni avtomobillashtirib masalani yecha olamiz deb o‘ylashgan? Bu shaharda faqat avtomobili bor odam amallab qimirlay oladigan ahvolga kelyapti. Avtomobilga oylab navbat turib, yillab pulini to‘lashga qurbi yoki xohishi yo‘qlar nima qilsin, ishlamasin, o‘qimasinmi? Zudlik bilan ahvolni o‘zgartirish, nimadir qilish kerak!”

 

Nikita Makarenko esa, yaqin ikki yoki uch yil ichida ahvol yana-da og‘irlashishini qayd etadi:

 

“Tirbandiklarning sababi — no‘noq shaharsozlik, hech qanday bosh rejaning yo‘qligi, 70-yillardagicha fikrlash darajasi: «yana bitta ko‘prik — hammasi iziga tushib ketadi”.

Avtomobillar sonining ko‘payishiga shahardagi holat har tomonlama hissa qo‘shadi.

Dunyoning hech bir metropolisi avtomobillashtirishni qondirish orqali kelajakni qura olmagan. Bu boshi berk ko‘cha. Bu hatto nazariy jihatdan ham mumkin emas. Ko‘chalarni kengaytirish emas, balki toraytirish kerak. Ko‘priklar qurilmasligi, balki buzib tashlanishi kerak.

O‘ylaymanki, real harakatlar kachonki kortejlar yura olmay qolgandagina boshlanadi. Ungacha hech narsa o‘zgarmaydi. Bu ikki yoki uch yil ichida sodir bo‘ladi», deb yozadi u.

 

 

Bahriniso Madumarova tayyorladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика