Qadimdan poytaxtimiz Toshkent shahriга baho berilganda, “tinchlik, do‘stlik shahri” deya ta’riflanadi. “Toshkent ruhi” degan ibora ham tez-tez tilga olinadi. Bu gaplarda jon bor, albatta.
1966 yilning 11 yanvarida Pokiston prezidenti Muhammad Ayub Xon va Hindiston bosh vaziri La’l Bahodur Shastri tomonidan Toshkent deklaratsiyasi imzolangan va ikki mamlakat o‘rtasida davom etayotgan qurolli nizolarga barham berilgan edi. Ularning har ikkisi kuchli siyosatchi edi. Harbiy bo‘lmish Muhammad Ayub Xon harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatga kelgan va referendum orqali o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgan edi. Shastri esa mustaqil Hindistonning Javaharlal Nerudan keyingi ikkinchi rahbari edi.
Toshkentdagi muzokaralar oson kechmadi. Tomonlar bir-birlarini ayblar ekan, qurolli majoralar uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishni istashmasdi. Toshkentda ko‘rilgan diplomatik sa’y-harakatlar samarasiz bo‘lmadi. O‘sha yili "Ogonyok" jurnalida Hindiston va Pokiston rahbarlarining bir-birlarining qo‘llarini ushlab turgan suratlari chop etildi. Surat tagida “Mir i sotrudnichestvo — vot chto takoe istoricheskaya Tashkentskaya deklaratsiya, i eyo uslyshal ves mir” (“Tinchlik va hamkorlik — Toshkent deklaratsiyasining ahamiyati mana shunda, uni butun jahоn tinglaydi”) degan so‘zlar bor edi. Ham Ayubxon, ham Shastri birinchi galda o‘zlarining siyosiy taqdirlarini emas, balki mamlakatlarining kelajagini o‘ylab Toshkent deklaratsiyasiga imzo chekishdi. O‘shanda Toshkent deklaratsiyasi mintaqa siyosiy va diplomatiya tarixida unutulmas hodisa sifatida tan olingan edi.
Birinchi Hind-Pokiston urushi 1947 yilning 22 oktyabriga o‘tar kechasi boshlandi. 1965 yilning aprelida ikkinchi Hindiston-Pokiston urushi boshlandi. G‘arb mamlakatlarining yarashtirish borasidagi sa’y-harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Aslida kelishmovchiliklar 1947 yilda Buyuk Britaniyaning mustamlakasi bo‘lmish Hindistonning ikkiga — Hindiston Ittifoqi va Pokistonga bo‘linishi bilan boshlangan edi. 200 yillik mustamlakachilikdan so‘ng Buyuk Britaniya Hindistonga mustaqillik berishga majbur bo‘ldi. Kashmir hukmdori mintaqa aholisining 90 foizi musulmon bo‘lishiga qaramay Angliya parlamenti tomonidan Hindiston mustaqilligi to‘g‘risidagi qonunga asoslanib, Kashmirni Hindiston tarkibiga kiritishga qaror qiladi. Bu qaror Pokiston tomonidan qabul qilinmaydi. Bu o‘z navbatida ikki mamlakat o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi. Natijada Kashmir ikkiga bo‘linadi. Ya’ni Kashmirning 86 ming kvadrat kilometri Pokiston, 130 ming kvadrat kilometri Hindiston tomonidan nazorat qilinadi. Hindiston nazoratidagi hudud Jammu va Kashmir shtati deb yuritiladi. Buyuk Britaniya mustamlakasi davridan buyon Kashmirni mustaqil davlat sifatida e’lon qilinishi tarafdorlari bo‘lmish milliy harakatlarning faollashuvi esa masalani yanada murakkablashtirdi.
Kashmir masalasi kun tartibiga qo‘yilishi bilanoq Britaniya Hamdo‘stligi doirasida Buyuk Britaniya va Avstraliyaning sa’y-harakatlari ham, BMTning aralashuvi ham samara bermadi. 1965 yildagi qurolli majoralarga munosabatda jahоn davlatlarining fikri bir yerda chiqdi. Hech bir davlat to‘qnashuv qamrovi kengayishini istamasdi. 1965 yil 8 sentabrda Vashington va London majorani to‘xtatish maqsadida mintaqaga qurol-yarog‘ yetkazib berilishi to‘xtatilishi borasida bayonot berdi. Ammo bu qaror teskari natijani keltirib chiqardi. O‘t ochishni to‘xtatish o‘rniga tomonlar kurashni davom ettirishga qaror qilishdi. G‘arb diplomatiyasi qurolli to‘qnashuvni to‘xtatishga emas, har ikki tomondagi “Urushlar partiyasi”ning faollashuviga olib keldi.
Har ikki mamlakat turli bloklarga a’zoligi sabab bu nizolar mintaqaning boshqa davlatlarini ham qamrab olish xavfi paydo bo‘ldi. Toshkent ularni yarashtirish maydoniga aylandi. Tinchlik shahrida deyarli bir hafta (3–10 yanvar kunlari) muzokaralar jarayoni bo‘lib o‘tdi. Oxir oqibat tinchlik bitimi imzolanganidan keyin, xursandchilikka yuragi dosh berolmay, Shastrining vafot etgani ham ayni haqiqat. Shastrining Hindiston bayrog‘i yopilgan tobutini Pokiston prezidenti ham aeroportgacha kuzatib qo‘ydi. Uning o‘limi qo‘lga kiritilgan siyosiy muvaffaqiyatlarga ozgina bo‘lsa-da soya solgani yo‘q. U tinchlik uchun va tinchlik yo‘lida hayotidan ko‘z yumdi. Hindistonning mashhur siyosatchisi sharafiga Toshkentda bir emas ikkita yodgorlik — byust va haykal o‘rnatilgan.
Imzolangan hujjatga ko‘ra, tomonlar o‘z qurolli kuchlarini avvalgi holatga qaytardilar, ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy va savdo aloqalari qayta tiklandi. Buning samarasi o‘laroq siyosiy doiralarda “Toshkent ruhi” degan ibora ishlatila boshlandi. Toshkentning obro‘si nafaqat Osiyo qit’asida, balki jahonda ancha yuksaklikka ko‘tarildi.
To‘g‘ri, oradan olti yil o‘tib, ya’ni 1971 yilda Hindiston va Pokiston o‘rtasida yana qurolli to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. Buning oqibatida Pokiston sharqiy mintaqasini boy berdi va mintaqa o‘rnida Bangladesh davlati paydo bo‘ldi. 1971 yilning dekabrida Hindiston va Pokiston o‘rtasida yangi bitim imzolandi. Ammo shunga qaramay ikki mamlakat o‘rtasida muntazam qurolli nizolar chiqib turadi. Shu sababli ham bu ikki mamlakatning SHHTga a’zoligi mavjud muammolarning bartaraf etilishiga xizmat qilishi shubhasiz. Toshkentda qabul qilingan hujjatning ahamiyati kattaligi ham shunda.
Sharofiddin To‘laganov


