1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Nima uchun Turkiyada turizm bu qadar rivojlangan?

Birgina 2019 yilda mamlakatga 50 milliondan ortiq turist kelgan.

Nima uchun Turkiyada turizm bu qadar rivojlangan?

 

Turkiya deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga Qora va O‘rtayer dengizi sohillari, Antaliya kurortlari, antik davr yodgorliklari, va albatta, mazali turk taomlari keladi. Uzoq yillardan buyon jahon turizmining ajralmas va eng mashhur yo‘nalishi bo‘lgan ushbu mamlakat sayohatchilar orasida juda mashhur. 


Pandemiyadan oldingi davrda, xususan, 2019-yilda Turkiyaga bir yil davomida 52 millionga yaqin turist tashrif buyurgan. Natijada qariyb 35 milliard dollar daromad olindi. Savol tug‘iladi: Turkiya bunday natijaga qanday erishdi?

 

Barchasi o‘tgan asrning 50-yillarida boshlandi. O‘sha davrda mamlakat hukumati turizmga katta e’tibor qaratishni boshlaydi. Sohani rivojlantirish uchun maxsus besh yillik dasturlar ishla chiqiladi. Davlat byudjetidan yo‘nalishni yanada yuksaltirish uchun mablag‘ ajratish ko‘paydi. 


1963 yilda turistik sektorni shakllantirish va rivojlantirish bo‘iycha aniq reja ishlab chiqildi. Shu davrdan to 1980–yillarga qadar asosan, infratuzilmani yaxshilashga e’tibor qaratildi: turistik marshrutlarni bir-biri bilan bog‘lovchi yangi yo‘llar qurildi, transport tuzilmasi takomillashtirildi va yangi mehmonxonalar barpo etildi.


Tahlilchilar Turkiya turizm sanoatining bir qator o‘ziga xosliklarini sanab o‘tadi. 

Avvalo, mamlakatda tarixiy-madaniy obidalar ko‘p bo‘lsada, dastlab asosiy e’tibor dengiz sohillari va kurortlarni rivojlantirishga qaratilgan. Bu to‘rt dengiz bilan o‘ralgan davlat uchun juda to‘g‘ri yo‘l. 


Ikkinchidan, investorlarga katta yengilliklar yaratib berildi. Masalan, ayrim hududlarda yer ijarasi bepul qilib qo‘yildi; qurilish uchun kam foizli kreditlar ajratildi; suv, elektr va gazga imtiyozli narxlar belgilandi; ular qator soliq va to‘lovlardan ozod etildi. 


Uchinchidan, har qanday biznesning kengayishida ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan reklama uchun katta mablag‘ ajratildi. Hozirgi kunda ham Anqara xorijda o‘z turistik brendining reklamasi uchun katta mablag‘ sarflaydi. 


All inclusive


Turkiya mehmonxonalari deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga birinchi bo‘lib “All inclusive” tizimi keladi. All inclusive – mexmonhonalarda ko‘rsatiladigan xizmatlar mujmuasi. U mehmoxonada yashash bilan birga,  bepul taom, ichimlik va boshqa turdagi tekin xizmatlarni nazarda tutadi. 


Turkiyada bu tizim o‘tgan asrning 80–yillarida joriy etildi. Dastlab u germaniyalik turistlar orasida keng targ‘ib qilingan, keyinchalik esa butun sektorga joriy etildi. “All inclusive” allaqachon turk turizmining “tashrif qog‘ozi”ga aylangan. Hozirda mamlakatning 80 foizdan ziyod mehmonxonalarida bu tizim yo‘lga qo‘yilgan. 


Erishilgan natijalar


Uzoq yillir davomida amalga oshirilgan va hozir ham to‘xtovsiz davom etayotgan islohotlar natijasida bugungi kunda turizm iqtisodiyotining muhim va serdaromad yo‘nalishiga aylandi. Turkiya turistlar tashrifi bo‘yicha dunyoda oltinchi va undan olinadigan daromad bo‘yicha 14-o‘rinda turadi. Masalan, ushbu soha yiliga davlatga o‘rtacha 30 mlrd dollardan ortiq daromad keltiradi. 

 

Bundan tashqari, turizm millionlab insonlarni ish bilan ta’minlashga yordam beradi. Masalan, mamlakatning asosiy kurort shaharlaridan biri bo‘lgan Antaliyada 80–yillarda 750 ming kishi yashagan bo‘lsa, hozirda doimiy ravishda bu yerda 2,5 mln odam istiqomat qiladi. Butun dunyo turizm va sayohat kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyada turistik sektorda doimiy asosda 600 ming kishi faoliyat yuritadi. Unda yondosh sohalar bilan qo‘shib hisoblaganda ularning soni 2 mlndan oshadi. 


Anqara turizmga tobora katta e’tibor qaratmoqda. Doimiy ravishda yangi yo‘nalishlar ochilmoqda, turistlar uchun yangidan yangi qulayliklar joriy etilyapti. Bularning barchasi kelajakda Turkiyani jahon turizmi markaziga aylanishida katta ahamiyat kasb etishi mumkin. 


 

Muallif: Jahongir Qo‘ziyev

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика