Tokio universiteti olimlari tomonidan Nipah virusiga qarshi ishlab chiqilgan vaksinaning ilk klinik sinovlari Belgiyada boshlanadi. Bu haqda Nikkei nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vaksina avval primatlar ustida sinovdan o‘tkazilgan va to‘liq himoya samaradorligini ko‘rsatgan. Klinik sinovlar odamlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Kelgusi yilda tadqiqotlar Bangladeshda kengaytirilib, unda kattalar va bolalar ham ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda.
Nipah virusi odamlarga asosan ko‘rshapalaklar va cho‘chqalar kabi hayvonlardan yuqadi. Virus nafas olish tizimi va markaziy asab tizimini zararlab, ensefalit (miya yallig‘lanishi)ni keltirib chiqaradi. O‘z vaqtida davolanmasa, kasallik 75 foiz holatda o‘lim bilan yakunlanishi mumkin.
Kasallik alomatlari infeksiyadan 4–7 kun o‘tib namoyon bo‘ladi. Yanvar oyida Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida Nipah virusi tarqalishi qayd etilgan bo‘lib, hozirgacha besh kishi kasallangan, 100 ga yaqin shaxs karantinga olingan.
Hozirga qadar Nipah virusiga qarshi tasdiqlangan davolash usuli yoki vaksina mavjud emas. Belgiyada boshlanayotgan klinik sinovlar ushbu yo‘nalishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.


