Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Ishtixon tumani Ravot qishlog‘ida yashovchi fuqaro A.G‘. bo‘ynida zanjir bilan bog‘langani holati yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Holat 2022 yil 15 noyabr kuni sodir bo‘lgan.
Tekshiruv davomida ushbu fuqarodan mutaxassis (surdopedagog) ishtirokida tushuntirish olinganda, u uyidagi ro‘zg‘or yumushlarini bajarmaslik uchun o‘zini-o‘zi metall zanjir bilan bog‘lab, qulf osib, u bilan birga turuvchi akasi (tug‘ma nogiron (kar-soqov)) A.M.dan ushbu holatni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatishini so‘rab, shu yo‘l bilan uy ishlaridan qutilishni maqsad qilgani, ishidan pushaymonligi, hech kimga daʼvosi yo‘qligini bayon qilgan.
Fuqaroning tog‘asi J.A.dan tushuntirish olinganda, u jiyaniga nisbatan bu kabi harakatlarni sodir etmagani, holatni ijtimoiy tarmoqqa chiqqanidan so‘ng bilganini bayon qilgan.
Fuqaro Ishtixon tumani Tibbiyot birlashmasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, uning tanasida hech qanday tan jarohatlar aniqlanmagan.
Taraflardan tushuntirishlari hamda holat o‘rganilib, holat yuzasidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishdan rad qilish haqida qaror qabul qilingan.


