Bosh prokuratura tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan tergov harakatlari davomida jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida 14 kishi ushlandi. Bu haqda idoraning axborot xizmati maʼlum qildi.
Shu jumladan, Tajimuratov D.M. va Turdanov A.T.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov eʼlon qilindi. Ularga nisbatan sudning qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Qallixanova L.O.ning harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari aniqlandi. U jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlandi.
Tergovga jalb etilgan fuqarolarning shaʼni va qadr - qimmati hurmat qilinishi, qiynoq, zo‘ravonlik, shafqatsiz yoki inson shaʼni va qadr - qimmatini kamsituvchi harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi qatʼiy nazoratga olingan.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga himoya huquqi to‘la taʼminlangan holda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar taʼminlangan. Sog‘lig‘i va saqlash sharoitlari bo‘yicha eʼtirozlari mavjud emas.
Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan 2022 yil 2 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


