Itlar qidiruv ishlarida qatnashishi hech birimizni hayron qoldirmaydi. Ammo aniqlanishicha, bo‘rsiqlar ham iskovuchlik xususiyatiga ega ekan. Maqolamiz qahramoni ham ana shu xislati bilan mashhur bo‘ldi. U Rim imperiyasi davriga oid xazinani topib oldi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.
Xazina Ispaniyaning Asturiya hududidagi Grado munisipalitetidagi g‘ordan topilgan. Gʻorga kelganlar bo‘rsiqning uyasi yaqinida qazigan o‘rani ko‘rib qolishgan. O‘ra ichida III-V asrlarda Rim imperiyasining turli hududlarida zarb qilingan 209 ta tanga bo‘lgan. Ular orasida Konstantinopol va Fessaloniki (hozirgi Soloniki) va hatto Londonium (hozirgi London)da muomalada bo‘lgan dinorlar bor.
Tangalarning eng kattasi 8 gramm, ammo uning tarkibida atigi 4% kumush aniqlangan. Shunga qaramay, olimlar uchun bu topilma tengsiz xazinadir.
Ma’lumot uchun, bu Grado shahridagi birinchi qadimiy topilma emas. O‘tgan asr o‘rtalarida imperator Konstantin darriga tegishli 14 ta oltin tanga topilgan.


