Birlashgan Millatlar Tashkilotining UNICEF bolalar jamg'armasiga ko'ra, Afg'onistonda har kuni 167 nafar bola oldini olish mumkin bo'lgan kasalliklardan vafot etadi - bular oddiy dori-darmonlar bilan davolash mumkin bo'lgan kasalliklardir.
Bolalar orasida kasallikka chalinish holatlarining ko'payishiga sabab- to'yib ovqatlanmaslik hamda sanitariya sharoitlarining yo'qligidir. Shuningdek, to'yib ovqatlanmagan zaif onalardan zaif bolalar tug'ilmoqda.Turli kasalliklarga qarshi emlanish imkonining yo'qligi uchun ham bolalar darddan himoya qilinmagan. Afg'onistondagi deyarli barcha kasalxonalarda bitta ham ishlaydigan sun'iy nafas beruvchi jihozlar yo'q. Onalar kislorod naychalarini chaqaloqlarining burunlari yaqinida ushlab turishadi, chunki ularning kichkina yuzlariga mos keladigan niqoblar mavjud emas.Mamlakatdagi kasalxonalar bemor bolalar bilan to'lgan. Aksariyatida bir yoki ikkita hamshira kamida 50-60 nafar bolaga qaraydi.
Afg'onistonda sog'liqni saqlash tizimi hech qachon adekvat bo'lmagan va uni deyarli to'liq moliyalashtirgan chet el pullari 2021-yilning avgustida Tolibon hokimiyatni qo'lga kiritganida muzlatilgan. Endi Tolibonning ayollarning nohukumat tashkilotlarda ishlashini taqiqlashi gumanitar tashkilotlarning faoliyatini qiyinlashtirmoqda, bu esa yanada ko'proq bolalar va chaqaloqlarni xavf ostiga qo'yishini anglatadi.
"Uskunalarimiz yo'q, o'qitilgan xodimlar, ayniqsa, ayol hamshiralar yetishmaydi. Biz birinchi navbatda qaysi bolani tekshirib ko'rishimiz kerakligini bilmaymiz. Chunki og'ir ahvolda bo'lgan juda ko'p bolalar bor. Go'daklarning o'limini ko'rishdan boshqa choramiz yo'q", - deydi shifokor Nigarga Sultoniy.
Ikki yashar Gulbadan yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan, bu kasallik arterioz yo‘llarining ochiq kanali deb ataladi. Shifokorlar buni davolash qiyin emasligini aytishdi. Ammo kasalxona jarrohlik amaliyotini o'tkazish uchun jihozlanmagan. Bemorga kerakli dori-darmonlar ham yo'q. Bolaning oilasi moliyaviy yordam olish uchun nodavlat tashkilotga murojaat qilishdi. Ularning ma'lumotlari ro'yxatga olingan, ammo o'shandan beri hech qanday javob yo'q.
2021-yilgacha xalqaro hamjamiyat tomonidan 20 yil davomida milliardlab dollar mablag‘ to‘plangan bo‘lsa-da, Afg‘onistonda sog‘liqni saqlash tizimi nega tez qulab tushayotgani jiddiy savollar tug‘diradi.Pulni xalqaro miqyosda tan olinmagan Tolibon hukumatiga to'g'ridan-to'g'ri berish mumkin emasligi sababli, gumanitar idoralar pulni tibbiyot xodimlarining maoshlari hamda dori-darmonga yo'naltira olmayapti. Endi shundoq ham samarasiz bo'lgan mablag' xavf ostida bo'lishi mumkin. Yordam agentliklari donorlari mablag' miqdorini qisqartirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda, chunki Tolibonning ayollarga qo'ygan cheklovlari, jumladan, afg'on ayollarining BMT va nodavlat tashkilotlarda ishlashini taqiqlashi xalqaro qonunlarni buzadi.
Hozirgacha BMT Afg‘oniston bo‘yicha murojaatining atigi 5 foizi moliyalashtirilgan. Afg‘onistonning G‘or viloyatidagi kasalxona yaqinida qabriston bor, undagi yangi qabrlarning kamida yarmi bolalarga tegishli. Ammo qabrlar kimga tegishli ekanligini aniqlashning iloji yo‘q, lekin katta qabrlarni kichik qabrlardan farqlash oson. Yaqin atrofdagi uyda yashovchilarning aytishicha, bugungi kunda ko'milayotganlarning aksariyati bolalardir. Qancha bolalar o'layotganini hisoblashning iloji yo'q, ammo inqiroz ko'lami haqida hamma joyda dalillar mavjud.


