2-avgust kuni “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” talegram kanalida xabar berildi.
Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-sentyabrdan davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan bog‘chalarda, oilaviy bog‘chalarda byudjetdan subsidiyalar xodimlarning ishga kelib-ketishi hamda tarbiyalanuvchilarning davomatidan kelib chiqib nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida avtomatik hisoblab chiqiladi.
Xodimlarning ishga kelib-ketishini hisobga olish hamda tarbiyalanuvchilarning davomatini yuritish mobil ilova yordamida shaxsni biometrik identifikasiya qilish texnologiyasi orqali amalga oshiriladi.
Hisobot oyida tarbiyalanuvchilarning oylik davomati ro‘yxatga olingan tarbiyalanuvchilarga nisbatan 40 foizdan kam bo‘lganda, ushbu oy uchun byudjetdan ish haqi to‘lanmaydi.
Qaror bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi nizomlar tasdiqlandi:
—davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalarni tashkil etish uchun banklarga pul joylashtirish tartibi;
—nodavlat bog‘chalarga byudjetdan subsidiyalar va kompensasiyalar to‘lash tartibi;
—oilaviy bog‘chalar to‘g‘risida;
—kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan tashkilotlardagi bog‘chalar tarbiyachilarining ish haqini qoplash uchun byudjetdan kompensasiya ajratish tartibi;
—nodavlat bog‘chalarni boshqarish axborot tizimi va “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integrasiyalashuv platformasi o‘rtasida o‘zaro almashiladigan ma’lumotlar ro‘yxati.


