23-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoyalashga doir qonunni qabul qildi.
Qonun bilan birinchi marta oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik kiritilyapti.
Xususan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro normalardan kelib chiqib, jismoniy zo‘ravonlik bilan bir qatorda iqtisodiy va ruhiy zo‘ravonlik uchun ham maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanyapti.
Shuningdek, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, shaʼni, nomusini kamsituvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik, shahvoniy shilqimlik qilish uchun ham javobgarlik kiritilmoqda.
Bundan tashqari, ilgari voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning bolalarga taʼlim, tarbiya berish, ularni sog‘lomlashtirish, bolalar sport, ijodiy tashkilotlarda ishlashi taqiqlanyapti.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2021 yilda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 40 mingga yaqin xotin-qizga himoya orderi berilgan bo‘lsa, bu zo‘ravonliklarning 87 foizi oilalarda sodir etilgan.
Guruhlarga bo‘linganda: 106 ta jinsiy, 234 ta iqtisodiy, 18 777 ta ruhiy, 13 658 ta jismoniy zo‘ravonlik hamda 7 174 ta tazyiq holatlari aniqlangan.


