Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida koronavirus pandemiyasiga qarshi choralar ko‘rishni qat’iy davom ettirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish ustidan nazorat kuchaytiriladi. Bunda, barcha tashkilot, korxona va muassasalarda, yirik savdo majmualari, supermarketlar, ko‘ngilochar muassasalarning kirish qismida niqobda bo‘lish, ijtimoiy masofani saqlash, tana haroratini o‘lchash amaliyotiga qat’iy rioya etilishi ta’minlanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning fuqarolarimizni Umra ziyoratlaridan qaytishlarida koronovirusga PZR yoki ekspress testni Saudiya Arabistoni hududida o‘zbek tibbiyot xodimlari tomonidan olinishi va manfiy natijasiga muvofiq kirib kelishini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Aholini to‘liq emlash va buster doza bilan emlash ishlari jadallashtiriladi.
Vazirlik va idora rahbarlari, tashkiliy shaklidan qat’iy nazar, barcha tashkilotlarda ishchilarning emlangandan so‘ng ish joylariga kiritishga ruxsat beriladi. Mazkur tartibni buzgan tashkilot rahbarlariga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qat’iy chora ko‘riladi.
Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ta’til davomida koronavirus infeksiyasiga qarshi to‘liq emlash choralari ko‘riladi. Ushbu tadbirlarga OTM rahbarlari shaxsan mas’ul etib belgilanadi.


