Aslida bu mutatsiya turi avvalgi versiyalarga qaraganda yuqumli yoki halokatliroq, deb bo‘lmaydi. Ammo vaqt o‘tishi bilan alomatlar ham, asoratlar ham o‘zgarishi mumkin, degan yondashuvlar bor.
JSSTning yetakchi epidemiologi Mariya van Kerxove bu haqda to‘xtalar ekan, hali yetarlicha faktlar yo‘qligi, koronavirusga doir maʼlumotlarni kuzatish, almashish va tahlil qilishda davom etish zarurligini taʼkidladi.
Ayni paytda esa sayyoramizning katta qismida “Omikron”ning yana-da yuqumli BA.2 subvarianti “hukmron” pozitsiyaga ega. Yaʼni u aksariyat mintaqalarda allaqachon dominant variantga aylanib ulgurgan.
aqsh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatda ro‘yxatga olinayotgan yangi kasallanish holatlarining qariyb 85 foizi, shimoli-sharqiy shtatlarda esa hatto 92 foizini shu variant tashkil qilmoqda.
BA.4 esa endi keng tarqalish arafasida. Uning eng dastlabki namunasi Janubiy Afrikada topilgandi. Yaqinda bu yerda mazkur mutatsiya turining yana qirq bir holati qayd etildi.
Shuningdek, Daniyada uch, Botsvanada ikki va Angliya hamda Shotlandiyada bir nafardan bemor ushbu infeksiyani yuqtirgani maʼlum bo‘ldi.
“Kasalliklarning umumiy soni kam bo‘lsa-da, aniq geografik taqsimot bu variant keng tarqala boshlaganidan dalolat beradi”, — deyiladi Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vazirligi hisobotida.
Botsvana Sog‘liqni saqlash vazirligi esa BA.4 va BA.5 faqat 30 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan shaxslarda aniqlanganligini xabar qildi.
Bundan tashqari, keyingi haftalarda “Omikron”ning XE variantini yuqtirish holatlari ham ko‘payib borayotir. Xususan, birgina Buyuk Britaniyada 5 aprelgacha 1125 nafar bemorda shu infeksiya aniqlangan bo‘lsa, ayni paytga kelib bu ko‘rsatkich ikki barobar oshgan.
Ammo JSST ekspertlarining ogohlantirishicha, yakuniy xulosa chiqarishga hali erta.


