Adliya vazirligi va Markaziy bank hamkorligida “Kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar” to‘g‘risidagi nizom davlat reyestridan o‘tkazildi.
Nizomga ko‘ra, agar fuqaro nomiga onlayn kredit frod natijasida rasmiylashtirilgan bo‘lsa va u surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi bilan jabrlanuvchi deb tan olingan bo‘lsa, kredit tashkiloti ushbu kreditni va unga bog‘liq foizlarni hisoblash hamda undirishni to‘xtatadi.
Kiritilgan tartib kredit tashkilotiga frod sodir etgan shaxsdan yetkazilgan moddiy zararlarni regress tartibida undirish imkonini beradi.
Kredit tashkiloti frod holatiga shubha qilganda, qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilishi mumkin.
Surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud qaroriga ko‘ra frod holati yuz bermaganligi aniqlansa, kredit va foizlarni hisoblash hamda undirish davom ettiriladi.


