Markaziy bank xabariga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
Ushbu turdagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida bir qator rivojlangan davlatlarning tajribasi o‘rganib chiqilgan.
Shu munosabat bilan Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bog‘liq shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartibni joriy qilmoqda.
Unga ko‘ra, endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi.
Ushbu talabning o‘rnatilishi kredit olish bo‘yicha ariza fuqaroning shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritish imkonini beradi.
Vaqtinchalik tartibga ko‘ra, kredit tashkilotlari fuqaro kredit olish uchun ariza yuborganidan keyin uning kredit byurolari maʼlumotlar bazasidagi kredit tarixini 2 bosqichda (ariza tushgandan so‘ng hamda kredit mablag‘lari ajratilishidan oldin) tekshirishdan (skoring) o‘tkazadi. Tekshiruv natijasida mijozning salbiy kredit tarixi yoki qarz yuki keskin oshgani aniqlansa, qisqa davr ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilgan va qarz yuki keskin oshgan bo‘lsa, kredit ajratish rad etilishi yoki boshqa summada ajratilishi to‘g‘risida xabar beriladi.
Mazkur tartib 2024 yilning 1 noyabridan 2025 yilning 1 apreliga qadar amal qiladi.
Fuqaro kredit tashkiloti mobil ilovasidan yangi ro‘yxatdan o‘tib yoki mavjud akkauntga boshqa qurilmadan kirib, birinchi marta onlayn kredit olganda, mazkur kredit ajratilganidan boshlab 48 soat davomida kredit hisobidan P2P amaliyotlar, jismoniy shaxslar hisobvaraqlari va elektron hamyonlarga o‘tkazmalar, mobil aloqa operatorlari orqali telefon raqami hisobini to‘ldirish, chet elga pul o‘tkazmalari hamda onlayn valyuta ayirboshlash operatsiyalariga cheklovlar o‘rnatilishi belgilanmoqda.
Mazkur cheklovlarni yechish uchun mijoz 48 soat ichida kredit tashkiloti tomonidan yuborilgan SMS-xabarda qayd etilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, kreditni firibgarlar taʼsirisiz olganligini maʼlum qiladi, kredit tashkiloti xodimi esa mijozga qayta bog‘lanib, berilgan maʼlumotlar to‘g‘riligini tekshirib, qo‘shimcha tasdiqdan o‘tkazadi.


