So‘ngi paytlarda Xalq taʼlimi vazirligiga o‘qituvchilar tomonidan ayrim hududlarda mehnat taʼtili to‘lovi kechikayotgani va kamaytirib to‘lash holatlari yuzasidan murojaatlar kelib tushgan.
Vazirlik mazkur masalalarga oydinlik kiritish maqsadida quyidagilarni maʼlum qildi:
«2022 yilda pedagog xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq yillik mehnat taʼtili berilib, bir yil davomida to‘liq ishlagan o‘qituvchilarga 48 kun hisobidan to‘liq mehnat taʼtili pullari to‘lab beriladi.
Ishga kirganiga bir yil bo‘lmagan o‘qituvchilarga esa mehnat taʼtili puli ularning ishlagan davriga mutanosib ravishda to‘lanadi (Bunda mehnat taʼtili davri 48 kundan iborat bo‘ladi).
Bugungi kunda "UzASBO" dasturiy majmuasida mehnat taʼtili to‘lovlarini amalga oshirishda kuzatilgan texnik nosozliklar tezkor ravishda tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda bartaraf etilib, ushbu to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati qayta tiklandi.
Bugundan boshlab maktab xodimlariga mehnat taʼtili to‘lovlari to‘lab boriladi.
Mehnat taʼtili to‘lovlarini amalga oshirishda muammo va tushunmovchiliklar yuzaga kelganda vazirlikning 71 202-09-09 ishonch telefonlariga murojaat qilishingiz mumkin», — deyiladi vazirlikning rasmiy bayonotida.


