Pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, bugun Shavkat Mirziyoyev pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzoladi.
Unga ko‘ra, pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirilmoqda. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 30 mln so‘mgacha (100 baravar) jarimaga sabab bo‘lsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln so‘mgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin.
Jinoyat kodeksida ham pedagoglarga qarshi harakat uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo kuchaytirildi. Yaʼni pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 45 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.
Shuningdek, taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham maʼmuriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,1 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha jarima belgilanmoqda.
Eʼtiborli jihati, ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangandi. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq belgilanishi mumkin.
“Ushbu qonun jamiyatda pedagoglarning nufuzi va obro‘sini oshirish yo‘lidagi navbatdagi mantiqiy qadam bo‘ldi”, — deydi u.


