Tasavvur qiling, siz endi voyaga yetib kelayotgan novdani, o‘sib-unib, yetilgach ekkan dehqoniga meva beradigan yosh daraxtning shoxlarini qayirib, unga tosh otdingiz, kamiga butoqlarini sindirib, toptab ketdingiz. Ayting-chi, endi kelajakda bu daraxtning meva berishi-yu undan sizga o‘xshagan xalqning bahramand bo‘lishiga umid bormi? Yo‘q, albatta.
Bir ota-onaning farzandini ming mashaqqat bilan o‘stirib, ulg‘aytirish uchun sarflagan yillari, umri, asab tolalari, mablag‘i va hokazolarni qo‘ya turing. Biz allaqachon feodalizm va quldorlik davridan o‘tib bo‘lgan jamiyatda yashayotgan bo‘lsak-da, biroq baʼzilarning ongi hali ham uning asoratlaridan qutula olmayotgani — mamlakatimizni demokratik davlat deya ko‘ksimizga urib, jar solishimizni ancha uyatli holatga keltirib qo‘yishi turgan gap. O‘ylab ko‘raylik, bolaligida olgan mana shunday psixologik travma, ruhiy ezilishlar, negativ energiya, cheksiz nafrat va unga ruhan azob berganlardan o‘ch olish hissi bilan ulg‘aygan alamzada bola katta bo‘lib, bir kursini egallagach (hali bunchaga yetib borsa ham katta gap), bu alamini oddiy, beayb xalqdan olmaydi, deb kim kafolat beradi?
Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi xususiy maktablardan birida o‘quvchilarni kaltaklagan o‘qituvchi haqidagi tarqalgan xabar mazkur fikrlarni o‘rtaga tashlashga majbur etdi.
Umumiy o‘rta taʼlim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalariga ko‘ra, dars jarayonlarida jamoa aʼzolari orasida turli xil zo‘ravonlik va kamsituvchi (bulling) xatti-harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili belgilab qo‘yilgan. Prezidentning bolalarni bog‘cha va maktablarda taʼlim va tarbiya olishi bilan birga o‘qituvchi pedagoglarning o‘quvchiga taʼlim berishi va ularning o‘quvchi oldidagi axloqiy xatti-harakatlari mexanizmlari ham belgilab berilgan, o‘qitishning global tan olingan innovatsion metodlari joriy etilayotgan bir paytda bu singari ibtidoiy jamoadan qolgan pedagog bu tarzda o‘zining farosati va “axloqiy statusini” namoyish qilayotganligi masalaga yana-da jiddiyroq eʼtibor qaratishni taqozo etadi. Shunaqangi xususiy maktablarda (eʼtibor bering – davlatniki emas) bugungi kunda eskilik sarqitidan qochib, effektiv va samarali metodlarni qo‘llay olmayotgan kimsalarni nahot PEDAGOG deb atash mumkin bo‘lsa?
Barmoq izlari har bir insonda har xil bo‘lganidek, bola xarakteri, psixologiyasi ham shunchalik har xil. Birgina so‘z yoki noadekvat hatti-harakat ruhan ojiz va irodasi zaif bolani sindirib, uning hayotiga yakun yasashi mumkin, boshqa bir bola ongida esa tiklanmas bo‘shliqni hosil qiladi. Bu bo‘shliqni esa hayoti davomida g‘azabini birovga to‘kib, Alining o‘chini Validan olishdan boshqa hech bir narsa, hatto o‘sha o‘quvchini kaltaklab, qulog‘ini burash orqali o‘zining “lider”lik qobiliyatini namoyon qilgan vallomatning jazoga tortilishi-yu, ishdan bo‘shatilishi ham kompensatsiya qila olmaydi.
Biz YANGI O‘ZBEKISTON deb atalmish yangi jamiyat qurmoqdamiz. Yangi davlat, o‘z navbatida, yangi dunyoqarashga ega, yangicha fikrlovchi va har bir masalaga inklyuziv yondashuvchi qatlam vakillari orqali shakllanadi. Albatta, bu jarayon osonlik bilan bo‘lmaydi. Biroq ulkan taraqqiyot zaminida ko‘z ilg‘amas kichik o‘zgarishlar yotadi. Biz yangi jamiyatni harakatlarimiz bilan emas, faqat quruq gap va safsata bilan yashashda davom etaversak, yana uzoq vaqt qog‘ozlarda yozilgan va qayerlardadir chang bosib yotgan hujjatlardagi xayoliy “Yangi O‘zbekiston”da yashashda davom etaveramiz.


