Ushbu yangi talablar bilan tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim talablar (suv ta’minoti bo‘lmaganda korxona faoliyatini to‘xtatishi, ovqat tayyorlashda ko‘mir va o‘tindan foydalanishni taqiqlash) bekor qilindi.
Hujjat bilan quyidagi sanitariya-gigiyena talablari belgilandi:
•umumiy ovqatlanish korxonalarida ichimlik suvi bilan ta’minlash markazlashtirilgan suv ta’minoti tizimiga ulanish yo‘li bilan amalga oshirilishi;
•markazlashtirilgan suv ta’minoti bo‘lmaganda, ichki suv ta’minoti artezian qudug‘idan, boshqa quduqlardan yoki kaptajlardan foydalanish;
•chiqindi maydonchasini belgilangan masofada joylashtirish imkoni bo‘lmaganda, chiqindilar korxonalarning sovitish tizimi, yuvish va dezinfeksiyalash imkoni bo‘lgan alohida xonasida saqlanishiga yo‘l qo‘yilishi.
Xususan, umumiy ovqatlanish korxonalarida quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat etilmaydi:
•texnologik jarayon talablariga rioya qilishni ta’minlash imkoniyati mavjud bo‘lmaganda mahsulot tayyorlash;
•yaroqlilik muddati o‘tgan, sifatsiz yoki sifati bo‘yicha shubhali, buzilish belgilari bo‘lgan mahsulotlardan foydalanish;
•germetik idishlarda sabzavotli, go‘shtli, baliqli, qo‘ziqorinli konservalar tayyorlash;
•quritilgan va dudlangan baliq tayyorlash va quritilgan qo‘ziqorinlar tayyorlash.
Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etuvchi xodimlar tomonidan ish boshlashdan oldin quyidagilar amalga oshirilishi shart:
- zargarlik buyumlari, soatlar yechilishi;
- sochlar ro‘mol yoki qalpoq ostiga yig‘ilishi;
- toza sanitariya kiyimlari kiyilishi;
- qo‘llar iliq suvda sovun bilan yuvilishi va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlov berilishi, tirnoqlar olingan va lak surilmagan bo‘lishi kerak.


