O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy hamkorlik tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, ikki xalqni til, an’ana va umumiy qadriyatlar orqali mustahkam bog‘laydi. Shu munosabat bilan, ikki davlat Madaniyat vazirliklari hamkorligida joriy yilning 14–20-dekabr kunlari Ozarbayjonning Boku va Fuzuliy shaharlarida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Tadbirga 170 nafardan ziyod O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari, jumladan, xalq artistlari, xizmat ko‘rsatgan artistlar, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, Maqom ansambli va “Navro‘z” raqs ansambli ishtirok etmoqda. Delegatsiyaga O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov rahbarlik qilmoqda.
14-dekabr kuni Boku shahridagi Haydar Aliyev markazida tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Bahodir Ahmedov va Ozarbayjon madaniyat vaziri o‘rinbosari Farid Jafarov nutq so‘zlab, ikki xalqning tarixiy, diniy va madaniy aloqalari, shuningdek, “Ipak yo‘li” orqali yuzlab yillik madaniy va iqtisodiy bog‘lanishlar yodga olindi. Nutqlarda O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining madaniy merosi, umumiy qadriyatlari va do‘stlik munosabatlari alohida ta’kidlandi.

“O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy munosabatlar bugun paydo bo‘lgan emas. Ularning tarixiy ildizlari Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Jomiy va boshqa buyuk mutafakkirlar davriga borib taqaladi. Shuningdek, ‘Ipak yo‘li’ orqali Ozarbayjon va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar yuzlab yillar davom etgan. Mazkur madaniy bog‘lanishlar hozirgi kunda ham rivojlanib bormoqda” - deydi Bahodir Ahmedov.
Ozarbayjon madaniyat vaziri o‘rinbosari Farid Jafarov esa: “Azaldan tarixi, tili va dini, urf-odat va an’analari, bugungi orzu-intilishlari mushtarak bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashda o‘tkazilayotgan madaniyat kunlarining ulkan o‘rni va ahamiyati bor,” dedi.
Tadbir doirasida san’at ustalarining konsert dasturlari, “Yangi O‘zbekiston” foto-ko‘rgazmasi, uchrashuvlar, qo‘shma madaniy komissiya 1-majlisi va Fuzuliy shahridagi Mirzo Ulug‘bek umumta’lim maktabidagi yopilish marosimi rejalashtirilgan. Bu tadbirlar ikki davlat o‘rtasidagi madaniy va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va turkiy xalqlarning umumiy madaniy merosini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, 2023-yilda Boku shahrida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, 2024-yilda Toshkent shahrida “Ozarbayjon madaniyati kunlari” tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazilgan edi. Shu bilan birga, mazkur madaniy almashinuv ikki xalqning do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi.


